Janubiy Koreya sobiq prezidentiga o‘lim jazosi so‘ralmoqda

Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan o‘lim hukmini chiqarishni talab qildi. Agar u 2024-yil dekabrida mamlakatda harbiy holat joriy etishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishda aybdor deb topilsa, ushbu jazo qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Isyonga rahbarlik qilish Yun Sok Yolga qo‘yilgan eng og‘ir ayblov bo‘lib, qonunchilikka ko‘ra, bu jinoyat uchun o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Janubiy Koreya qonunlariga asosan, isyon bilan bog‘liq ishlarda prokurorlar suddan aynan ushbu ikki jazodan birini so‘rashga majbur.

Yun barcha ayblovlarni rad etib, harbiy holat joriy etilishi ramziy xarakterga ega bo‘lganini ta’kidlamoqda. Maxsus prokurorlarning ta’kidlashicha, garchi harbiy holat joriy etish urinishi natijasida hech kim halok bo‘lmagan bo‘lsa-da, Yunning niyatlari zo‘ravonlik xususiyatiga ega bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada qariyb 30 yildan beri o‘lim jazosi ijro etilmagan. 1996-yilda sobiq harbiy diktator Chon Du Xvan 1979-yilgi harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni egallagani uchun o‘limga hukm qilingan, biroq keyinchalik uning jazosi umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol 10 yilga qamalishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.