Toshkentda Donald Trampni 102 qilgan fuqaro jarimaga tortildi

Toshkent shahrining Bektemir tumanida AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilishini aytib, 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan erkakka nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati Kursiv’ga bildirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida 7-yanvar kuni ko‘rib chiqilgan ish materiallariga ko‘ra, fuqaro mast holatda ichki ishlar organlarining tezkor aloqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Donald Tramp go‘yoki odam o‘g‘irlab ketgani va Oq uyda yashayotgani haqida ariza qabul qilishni so‘ragan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, mazkur shaxs o‘z harakati bilan maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirgan hamda jamoat tartibini buzgan. Shuningdek, u surishtiruv olib borish maqsadida ichki ishlar organlari binosiga borish haqidagi qonuniy talablarni ham bajarmagan.
Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, spirtli ichimlik iste’mol qilgani va murojaat paytida nima deganini eslay olmasligini bildirgan. U o‘z xatti-harakatlarining oqibatlarini anglamaganini, qilgan ishidan pushaymon ekanini va kelgusida bunday holat takrorlanmasligini ma’lum qilgan.
Biroq sud uning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 199-moddasi – maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish deb baholadi. Natijada erkak aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari – 1 million 230 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp o‘zini Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi deb e’lon qilgani haqida yozgandi.