Qora dengizda Qozog‘istonning ikkita tankeriga dron hujum qildi

Qozog‘iston neftini tashish uchun mo‘ljallangan ikkita tankerga Qora dengizdagi Kaspiy quvur liniyasi konsorsiumi (CPC) terminali yaqinida dronlar hujum qildi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, hodisalar 13-yanvar kuni sodir bo‘lgan va ikkala holatda ham qurbonlar bo‘lmagan. Dronlar KazMunayGas milliy kompaniyasining sho‘ba korxonasi tomonidan ijaraga olingan Malta bayrog‘i ostidagi Matilda tankeriga va Liberiya bayrog‘i ostidagi Delta Harmony tankeriga hujum uyushtirgan.
Matilda kemasiga qilingan hujum oqibatida portlash sodir bo‘lgan, ammo keyinchalik yong‘in chiqmagan. Texnik xizmatlarning dastlabki baholashlariga ko‘ra, tanker «dengizda suzishga yaroqliligicha qolmoqda va hozircha korpusning jiddiy shikastlanish belgilari aniqlanmagan». Hujum paytida Delta Harmony tankeri yuklashni kutayotgan edi.
Operatsion shtab ma’lumotlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan paytda kema hali neft bilan to‘ldirilmagan edi va yuk baklari bo‘sh edi, shuning uchun Qozog‘istonning eksport resurslariga hech qanday zarar yetkazilmagan. Vazirlik logistika zanjirlari xavfsizligini va eksport ta’minotining uzluksiz oqimini ta’minlash uchun milliy operator KazMunayGaz, konsorsium ma’muriyati va kema egalari bilan tezkor ravishda harakatlarni muvofiqlashtirayotganini qo‘shimcha qildi.
RIA Novosti’ning manbalariga tayanib yozishicha, tankerlarga hujum qilgan dronlar Ukrainaniki bo‘lgan. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, tankerlar Qozog‘istondan neft tashish uchun Tengizchevroil va Karachaganak Petroleum Operating xalqaro konsorsiumlarini yollagan. Ular ushbu mamlakatdagi neft konlarini Amerika kompaniyalari ishtirokida o‘zlashtirmoqda. Ukraina rasmiylari hozircha voqea yuzasidan izoh bermagan.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda global neft narxining pasayishi taxmin qilinayotgani haqida yozgandi.