Apple yangi Creator Studio obuna paketini ishga tushirdi

14-yanvar 2026 15:16 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Apple yangi Creator Studio obuna paketini ishga tushirdi
Foto: Apple

Apple ijodkorlar uchun mo‘ljallangan yangi Creator Studio obuna paketini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur paket video montaj, musiqa yaratish va vizual dizayn bilan shug‘ullanuvchi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan bir nechta professional ilovalarni yagona obuna orqali taqdim etadi.

Creator Studio obunasi oyiga $12,99 yoki yiliga $129 etib belgilangan. Talabalar va ta’lim muassasalari xodimlari uchun esa maxsus narxlar joriy qilinadi: oyiga $2,99 yoki yiliga $29,99. Obuna 28-yanvardan boshlab ishga tushadi va yangi foydalanuvchilarga bir oylik bepul sinov muddati taqdim etiladi.

Paket tarkibiga Mac va iPad uchun Final Cut Pro, Logic Pro va Pixelmator Pro ilovalari, shuningdek, Mac uchun Motion, Compressor va MainStage dasturlari kiradi. Bundan tashqari, Keynote, Pages va Numbers ilovalari uchun premium kontent ham taqdim etiladi. Keyinchalik Freeform ilovasi ham iPhone, iPad va Mac qurilmalari uchun paketga qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Creator Studio doirasida bir qator ilovalar yangi funksiyalar bilan yangilanmoqda. Xususan, Final Cut Pro ilovasiga audio yozuvlar bo‘yicha izlash imkonini beruvchi Transcript Search, tasvirni tavsif orqali topishga yordam beruvchi Visual Search hamda musiqaga mos avtomatik montaj qilish uchun Beat Detection funksiyalari qo‘shiladi. iPad uchun Final Cut Pro’da esa Montage Maker va Auto Crop imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Logic Pro ilovasida yangi Synth Player, Chord ID, kengaytirilgan ovozlar kutubxonasi va tabiiy til orqali qidiruv funksiyalari joriy etiladi. Pixelmator Pro esa ilk bor iPad qurilmalarida taqdim etilib, Apple Pencil’ni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, Creator Studio foydalanuvchilari Motion orqali 2D va 3D grafik effektlar yaratish, Compressor yordamida esa video eksport sozlamalarini moslashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. MainStage ilovasi Mac qurilmasini musiqiy asbob yoki ovoz protsessoriga aylantirish imkonini beradi.

Apple’ning internet xizmatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Eddi Kyuning ta’kidlashicha, Creator Studio turli yo‘nalishdagi ijodkorlar uchun qulay va samarali vositalarni bir joyda jamlab, ularning ish jarayonini tezlashtirish va soddalashtirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple sun’iy intellektni rivojlantirishda Google Gemini’dan foydalanishi haqida yozgandi.

Shuningdek