O‘zbekistondagi 10 ta bank jarimaga tortildi

2025-yilning dekabr oyida O‘zbekistondagi 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llandi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, ular Markaziy bank talablari, o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etmagan.
Shuningdek, prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 10 ta bank, 1 ta to‘lov tashkiloti va 1 ta to‘lov operatiga nisbatan ta’sir choralari va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.
O‘tgan oy davomida jami 45 ta masala ko‘rib chiqilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala ko‘rilgan.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala, xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, kredit va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank 18 ta tijorat bankini 102 million so‘mdan jarimaga tortgandi.