Lufthansa barcha samolyotlarini Starlink interneti bilan jihozlaydi

Lufthansa Group 850 ta samolyotini yuqori tezlikdagi Starlink interneti bilan jihozlaydi. Bu haqda aviakompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Hamkorlik doirasida guruhga qarashli barcha samolyotlar, jumladan Lufthansa, Eurowings, Brussels Airlines va boshqa aviakompaniyalar internet bilan ta’minlanadi. Yangilanish taxminan 850 ta samolyotni qamrab oladi, bu mavjud flotta va yangi qo‘shilayotgan samolyotlarni o‘z ichiga oladi.
2026-yildan boshlab yo‘lovchilar parvoz paytida internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yuqori tezlikdagi internet orqali video tomosha qilish, bulut xizmatlarida ishlash va boshqa tez ulanish talab qiladigan ilovalardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Internet barcha yo‘lovchilar uchun bepul bo‘ladi. Shuningdek Travel ID foydalanuvchilari ham barcha xizmat sinflarida undan foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, o’tgan yilning oktabr oyida Starlink foydalanuvchilari soni 7,6 milliondan oshgan edi.