Ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarishda klaster tizimi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda mamlakatda 44 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uyda 7,1 mln nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ziyod boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat ko‘rsatmoqda, 856 ta uyda esa o‘zini o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Ta’kidlanishicha, boshqaruv kompaniyalarining aksariyati majburiy badallar hisobidan faoliyat yuritmoqda, sohaga investitsiya kiritishga qiziqish yetarli emas. Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar ko‘p. Bu esa yangi va shaffof moliyaviy model ishlab chiqishni talab etadi.

Shu munosabat bilan 2026–2030 yillarda ayrim hududlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi. Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi va besh yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Boshqaruvchi tashkilotlar «Mening uyim» tizimi orqali mulkdorlar ovozi bilan tanlanadi.
Majburiy badallar va barcha qo‘shimcha daromadlar faqat «Mening uyim» billing tizimi orqali hisobga olinadi. Belgilangan tartib buzilganda, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanadi. Shuningdek, umumiy mol-mulkni ijaraga berish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda ro‘yxatga olinadi.
Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylar bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan «Turar-joy» milliy axborot tizimini bosqichma-bosqich ishga tushirish, sohani raqamlashtirish va dispetcherlik xizmatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tami, avvalroq 2026-yilda O‘zbekistonda uy-joy ipotekasiga 23 trln so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edik.