
Kia kompaniyasi eng arzon elektromobilini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yangi model EV1 nomi bilan chiqishi mumkin. U brendning batareyali avtomobillar qatoridagi eng hamyonbop variantga aylanishi kutilmoqda.
Hozircha Kia elektromobillari orasidagi eng oddiy model EV2 hisoblanadi. Ushbu avtomobil uzunligi taxminan 4 metr bo‘lib, 2026-yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan. EV2’ning boshlang‘ich narxi qariyb 30 ming yevro bo‘lishi kutilmoqda.
Kompaniya rahbari Ho Son Son ilgari ham yanada kichik va arzon elektromobil zarurligini ta’kidlagan. Kia EV1 shu ehtiyojdan kelib chiqib yaratilishi mumkin. Model bozorga chiqsa, u Volkswagen ID.1 va yangi Renault Twingo bilan raqobat qilishi kutilmoqda.

Kia dizayn guruhi vakili Yo‘hen Pessan Bryusseldagi avtosalonda kichik elektromobillar segmenti brend uchun muhim ekanini tasdiqladi. Biroq texnik tafsilotlar hozircha oshkor etilmadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, EV1 konsepti yil oxirigacha namoyish etilishi mumkin. Model EV2’dan ham ixcham bo‘lib, uzunligi taxminan 3,7 metrni tashkil etadi. Elektromobil 400 voltli arxitekturaga ega bo‘lishi kutilmoqda. Taxminiy narx diapazoni esa 20 – 25 ming yevro atrofida bo‘lishi mumkin.
Kia’ning elektromobil siyosati
Kia elektromobillar bo‘yicha uzoq muddatli va bosqichma-bosqich strategiyani tanlagan. Kompaniya birdaniga faqat premium segmentga tayanib qolmasdan, bozordagi barcha narx toifalarini qamrab olishni maqsad qilgan. Shu sababli Kia elektromobillari qatori yuqori texnologiyali va qimmat modellardan tortib, kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan hamyonbop variantlargacha kengayib bormoqda.

Kia’ning asosiy yondashuvi shundaki, elektromobil faqat yangi texnologiya emas, balki ommaviy transport vositasiga aylanishi kerak. Shu bois brend platformalarini unifikatsiya qilish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va dizaynni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu siyosat avtomobillar narxini raqobatbardosh darajada ushlab turish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia Seltos 2026 avtomobilining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.