
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov 2026-yilgi Jahon chempionatida O‘zbekistonning debyuti va jamoadagi muhit haqida gapirdi. Futbolchi FIFA saytiga bergan intervyusida jamoaning guruh bosqichidan o‘tishni maqsad qilganini ta’kidladi.
«His-tuyg‘ularimizni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat biz futbolchilar, balki butun O‘zbekiston ushbu Jahon chempionatini orzu qilgan edi. Yakunda hamma natijadan juda xursand bo‘ldi, chunki barchamiz bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun nimani anglatishini tushunib turgandik», – dedi Eldor Shomurodov.
Turkiya Superligasining «Bashakshehir» klubi hujumchisi Jahon chempionati nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ulkan ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shomurodovning so‘zlariga ko‘ra, saralash bosqichidagi muvaffaqiyat xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan.

«Nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyodan ham ko‘plab futbol muxlislari bizni muvaffaqiyatli saralash bilan tabriklashdi. Agar adashmasam, hatto Qozog‘iston prezidenti ham bir tadbirda bizning prezidentimizni tabrikladi».
O‘zbekiston terma jamoasi o‘z o‘yinlarini Mexiko, Xyuston va Atlanta shaharlarida o‘tkazadi. Shomurodov jamoaning autsayder sifatida ko‘rilishiga qaramay, bu qarashni o‘zgartirish niyatida ekanini qat’iy ta’kidladi.
«Vazifamiz guruh bosqichidan o‘tish. Biz, albatta, bor kuchimizni beramiz. Biz o‘z vatanimizni himoya qilyapmiz va shuning uchun qattiq mehnat qilib, dunyoga O‘zbekiston eng kuchli jamoalardan biri ekanligini ko‘rsatamiz. Biroq katta va’dalar bera olmaymiz. Ba’zilar bizni autsayder deb hisoblashi mumkin, ammo bizning vazifamiz bu fikrlarni ijobiy tomonga o‘zgartirishdir».
Ayni paytda Shomurodov yuqori sport formasida bo‘lib turibdi. U «Bashakshehir» safida 17 ta o‘yinda 12 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirib, to‘purarlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda. Terma jamoa sardori Krishtianu Ronaldu va Xames Rodriges kabi yulduzlarga qarshi o‘yinlardan cho‘chimasligini bildirdi.

«Amerikada ham ko‘plab o‘zbeklar yashashini bilamiz. Ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilish va ortimizda turganliklarini bilish bizga katta motivatsiya beradi va yangi darajaga chiqishimizga yordam beradi».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida birinchi davraning ramziy tarkibidan joy olgani haqida xabar bergan edi.