AQShdan boshqa davlat Grenlandiyani nazorat qilishi mumkin emas — Tramp

Donald Tramp AQShdan boshqa davlatning Grenlandiyani nazorat qilishini qabul qilib bo‘lmas deb atadi va hududni milliy xavfsizlik hamda NATO strategiyasi nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, Grenlandiya AQSh qo‘lida bo‘lsa, NATO kuchli va samarali bo‘ladi. Prezidentning fikricha, hududni qo‘lga kiritish Pentagon tomonidan ishlab chiqilayotgan raketa mudofaa tizimi uchun ham zarurdir.
14-yanvar kuni vitse-prezident JD Vens Oq uyda Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Løkke Rasmussen, Grenlandiya vakili va davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot tarzida o‘tgan bo‘lsa-da, nuqtai nazarlar hali ham farq qilmoqda. Shu bilan birga, Grenlandiya masalasini kelasi haftalarda muhokama qilish uchun yuqori darajadagi ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.
Grenlandiya va Daniya hukumatlari hududdagi xavfsizlik tarangligi sababli harbiy holatni kuchaytirishini e’lon qildi. Daniya qurolli kuchlari samolyotlar, kemalar va askarlar bilan hududni mustahkamlash choralarini ko‘rmoqda. Shvetsiya, Norvegiya va Germaniya ham Grenlandiyaga harbiy xodimlarini yuboradi, Fransiya esa qo‘shni davlatlar bilan birgalikdagi mashg‘ulotlarda ishtirok etishini bildirgan.
Tramp Grenlandiyani shartnoma bilan yoki shartsiz qo‘lga kiritishni rejalashtirganini aytdi va hududning strategik ahamiyati, tabiiy resurslari va shimoliy dengiz yo‘llarining imkoniyatini ta’kidladi. Yevropa yetakchilari esa Grenlandiya Daniya va uning xalqiga tegishli ekanini, kelajagi shu ikki tomon tomonidan hal qilinishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Grenlandiya aholisi Daniya tarkibida qolishni qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edik.