«Yangi bank» tugatilmoqda: litsenziya bekor qilindi, omonatlar qaytariladi

eʼlon qilindi
Markaziy bank qaroriga muvofiq
«Yangi bank» tugatilmoqda: litsenziya bekor qilindi, omonatlar qaytariladi
«Yangi bank» tugatilmoqda: litsenziya bekor qilindi, omonatlar qaytariladi / Foto: Yandex

Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagani sabab qabul qilingan.

Xususan, bankning ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talab darajasiga yetkazilmagan. Amaldagi talablarga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘m bo‘lishi lozim edi. Biroq 2026-yil 1-yanvar holatiga «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Markaziy bank tomonidan bir necha bor yozma ogohlantirishlar berilganiga qaramay, bu borada yetarli choralar ko‘rilmagan.

Shuningdek, ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etilmagani ham aniqlangan. Bu holatlar «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq jiddiy qoidabuzarlik hisoblanadi va bank litsenziyasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, «Yangi bank» faoliyati belgilangan tartibda tugatiladi. Bankni tugatish jarayonini amalga oshirish uchun tugatish komissiyasi tayinlandi va unga barcha zarur vakolatlar berildi. Jarayon Markaziy bank tomonidan doimiy nazorat qilinadi.

Omonatlar qaytariladi

Omonatchilar uchun eng muhim jihat shundaki, bankdagi omonatlar davlat tomonidan kafolatlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 32,5 ming nafar omonatchining 32,1 ming nafariga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi. Qolgan 373 nafar omonatchi bo‘yicha kafolatlangan mablag‘larning qolgan qismi tugatish komissiyasi qaroriga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.

Omonat mablag‘lari bo‘yicha kompensatsiyalarni to‘lash Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan amalga oshiriladi. To‘lovlar tartibi va aniq hisob-kitoblar agentlik tomonidan qo‘shimcha e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank tomonidan 2025-yilning dekabr oyida O‘zbekistondagi 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangandi.

Shuningdek