YTTB Qashqadaryoda quyosh elektr stansiyasi qurishga 195,5 mln dollar ajratadi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Qashqadaryo viloyatida yirik quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi qurilishi uchun $195,5 mln miqdorida moliyalashtirish paketini shakllantirdi.
Loyiha doirasida 300 megavatt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 75 megavatt-soatli batareya energiya saqlash majmuasi barpo etiladi. YTTB tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar tarkibiga bankning $141,6 millionlik asosiy krediti va $25 milliongacha bo‘lgan kafolatlangan moliyalashtirish kiradi. Ushbu mablag‘lar Masdar kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Nur Kashkadarya Solar loyiha kompaniyasiga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, loyiha uchun xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘shimcha imtiyozli moliya jalb qilinmoqda. Xususan, Kanada tomonidan $20 million, Finlyandiya tomonidan $5 million, Yaponiya–YTTB hamkorlik jamg‘armasi va YTTB tomonidan esa $3,9 million miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ham qo‘shma moliyalashtirilishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha O‘zbekiston hukumatining 2030-yilga qadar 25 gigavatt quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini ishga tushirish rejasiga hissa qo‘shadi. Qurilish yakunlangach, quyosh elektr stansiyasi yiliga 664 gigavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa 60 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlash va yiliga 400 ming tonnagacha karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
YTTB O‘zbekistonda «yashil» energetika loyihalarining yirik moliyachilaridan biri hisoblanadi. Bugunga qadar bank mamlakatda 1,65 gigavatt shamol, 2,4 gigavatt quyosh va 668 megavatt quvvatga ega, 1 837 megavatt-soatli batareya tizimlari loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan.
Umuman olganda, YTTB O‘zbekistonda 204 ta loyiha doirasida qariyb $6,8 milliard investitsiya kiritgan. Ushbu mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektor va tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston so‘nggi olti yil davomida Markaziy Osiyoda YTTB moliyalashtirgan eng yirik mamlakat bo‘lib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YTTB GEFF II Uzbekistan dasturi doirasida O‘zbekistondagi tadbirkorlar uchun $30 mlngacha «yashil» kredit ajratishni ma’qullagandi.