Valyuta birjasining oltin fyucherslar bilan rejalari qanday

Valyuta birjasi rahbari Rashid Usmonov Valyuta birjasining oltin fyucherslar bilan rejalari haqida ma’lum qildi. U jurnalistlar bilan uchrashuvda Kursiv Uzbekistan muxbirining savollariga javob berdi.
Rashid Usmonovning aytishicha, bu yo‘nalishda qonunchilik va bozor tayyorgarligi muhim omil hisoblanadi. Fyuchers mexanizmlarini ishga tushirish uchun me’yoriy hujjatlar va infratuzilma to‘liq shakllanishi kerak.
«Birjaga yangi instrument kiritishda uning real ishlashini kutish zarur. Qonunchilik, me’yoriy hujjatlar va bozor tayyor bo‘lgandagina ushbu mexanizm samarali ishlaydi», — dedi u.

Usmonovning ta’kidlashicha, bunday o‘zgarishlar Valyuta birjasining litsenziyasini kengaytirishni ham talab qiladi. Hozirda bu masala ustida konseptual ishlar davom etmoqda.
«O‘z strategiyamizga oltin fyucherslarini 2026–2027-yillarda kiritishni rejalashtirganmiz. Har bir instrument bozorga chiqarilishidan avval uning roli va ahamiyati chuqur tahlil qilinadi», — dedi Valyuta birjasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oʻzbekiston oltin uchun fyucherslarni joriy etish ustida ishlayotgani haqida yozgan edi.