O‘zbekiston chegaralarini Bayraktar dronlari himoya qiladi

eʼlon qilindi
Chegaralarning 42 foizi kuzatuv kamerasi bilan ta’minlangan
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Oʻzbekistonda Bayraktar dronlari bilan butlangan yangi maxsus boʻlinmaning jangovar navbatchiligi yoʻlga qoʻyildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov Xavfsizlik kengashining 13-yanvar kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish tizimiga zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish jarayonida davlat chegaralarining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, 1117 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortilgan.

Bundan tashqari, chegara qoʻshinlari 98 foizga avtozirhli texnika, 86 foizga suzish vositalari, 100 foizga qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar, 78 foizga elektron-optik vositalar bilan taʼminlangan. Boʻlinmalar zamonaviy dronlar bilan taʼminlangan.

DXX raisining ta’kidlashicha, jangovar tayyorgarlik tadbirlarining shiddati va sifat koʻrsatkichlari oshirilgan.

2023-yilning noyabr oyida Surxondaryodagi harbiy qismga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkiyaning Bayraktar TB2 hujumkor droni parvozi namoyish etilgan edi. Davlat rahbari uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish muhimligini ta’kidlab, ularni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni muhokama qildi.

Bayraktar TB2 bu ichki yonuv dvigateli va itaruvchi pervanel bilan ishlaydigan Turkiyaning o‘rta balandlikdagi taktik hujumkor uchuvchisiz uchish apparati. To‘rtta boshqariladigan o‘q-dorilarni olib yuradigan uchuvchisiz uchish apparati havoda 12 dan 24 soatgacha qolishi mumkin.

Uning maksimal boshqaruv masofasi 150 kilometrgacha. Ishlab chiqarish Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning kuyovi Selchuk Bayraktar boshchiligidagi Baykar Makina xususiy kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Avvalroq «Kursiv» sakkiz yil oldin qabul qilingan O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.

Shuningdek