Valyuta birjasida qozoq tengesi savdolari qachon yo‘lga qo‘yilishi mumkin

2026-yildan Valyuta birjasida qozoq tengesi savdolari yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Valyuta birjasi rahbari Rashid Usmonov jurnalistlar bilan uchrashuvda «Kursiv» muxbiriga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Qozog‘iston O‘zbekistonning yaqin savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari o‘zaro chambarchas bog‘langan. Shu sababli qozoq tengesiga bo‘lgan ehtiyoj mavjud. Mazkur masala bir necha bor muhokama qilingan.
Birja rahbari aytishicha, hozir banklar bilan marketmeykerlik bo‘yicha ham maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Marketmeyker kursni shakllantirmaydi, ammo bozorni doimiy likvidlik bilan ta’minlashga hissa qo‘shadi. Agar savdolar muntazam bo‘lmasa, bu kursga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
«Qozoq tengesida yetarli likvidlik shakllanib, marketmeykerlar tomonidan sotib olish va sotish yo‘lga qo‘yilsa, ushbu valyuta bo‘yicha savdolarni boshlash mumkin bo‘ladi», — dedi Rashid Usmonov.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi $4,4 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan oshgan. Qozog‘iston iqtisodiy hamkorlar ro‘yxatida uchinch o‘rinni egallagan.
2024-yil yanvar–noyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi $3,9 mlrd bo‘lgan. 2025-yilda savdo aylanmasi qariyb $506,5 mlnga ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Valyuta birjasining oltin fyucherslar bilan rejalari haqida yozgan edi.