Samarqandda yangi muzey, Buxoroning bosh rejasi — prezident turizmga oid taqdimot bilan tanishdi

Prezidentga Samarqandda yangi «Ipak yoʻli» muzeyini qurish loyihasi taqdim etildi. Shavkat Mirziyoyev turizm va madaniyat sohasidagi ishlar, xalqaro madaniy tadbirlar natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
2025-yilda O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni 11 milliondan oshdi, turistik xizmatlar eksporti esa $4,8 milliardga yetdi. Vizasiz rejim joriy etilgan davlatlar soni 94 taga yetkazildi. Shu bilan birga, turizmni loyiha boshqaruvi asosida rivojlantirish, yagona mexanizm joriy etish va yirik tadbirlarni muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi
Raqamlashtirish va marketing

Soha faoliyatini raqamlashtirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun raqamli xizmatlarni kengaytirish, naqdsiz to‘lovlarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston turizm salohiyatini AQSh, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya bozorlarida faol targ‘ib qilish bo‘yicha yangi marketing strategiyasi ishlab chiqiladi.
Yirik loyihalar: Samarqand va Buxoro

Samarqandda «Samarqand merosi yo‘lagi» loyihasi amalga oshiriladi. U Registon, Bibixonim, Shohi Zinda va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini yagona 6,6 kilometrlik sayyohlik yo‘nalishiga bog‘laydi. Shuningdek, yangi «Ipak yo‘li» muzeyi qurilishi va rasadxona hududini zamonaviy muzey majmuasiga aylantirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi. Unda tarixiy-etnografik bog‘ va ko‘p funksiyali madaniy-turistik majmua barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Muhokama yakunida davlat rahbari madaniyat loyihalarini turizm rivoji bilan uyg‘un holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va samarali boshqaruvini ta’minlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy turizm yagona platformasi xalqaro Booking va Agoda bilan integratsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.