AQSh Venesuela neftini sotishni boshladi, O‘zbekiston chegaralarini Bayraktar dronlari himoya qiladi va «Yangi bank»ning tugatilishi — 15-yanvarning muhim hodisalari

O‘zbekiston chegaralarini qo‘riqlaydigan Bayraktar dronlari va Venesuela neftini sota boshlagan AQSh — Kursiv Uzbekistan tomonidan e’lon qilingan 15-yanvarning muhim hodisalari.
O‘zbekiston chegaralarini Bayraktar dronlari himoya qiladi

O‘zbekistonda Bayraktar dronlari bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov Xavfsizlik kengashining 13-yanvar kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi. Uning aytishicha, davlat chegarasini qo‘riqlash tizimiga zamonaviy raqamli vositalarni joriy etishda davlat chegaralarining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan.
AQSh Venesuela neftini sotishni boshladi

AQSh hukumati Venesueladan olingan neftni birinchi marta sotib, global bozorga chiqarishni boshladi. Bu haqda AQSh ma’muriyati rasmiylari xabariga tayanib Reuters ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh Venesuelaning birinchi neft savdosini yakunladi, uning qiymati taxminan $500 millionni tashkil etdi. Ushbu sotuv Venesuela bilan $2 milliardlik kelishuv doirasida amalga oshirilgan.
Atirauda FlyArystan samolyoti qo‘nishdan so‘ng yo‘lakdan chiqib ketdi

14-yanvar kuni Qozog‘istonning Atirau aeroportida FlyArystan aviakompaniyasining samolyoti qo‘nishni amalga oshirib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi. Samolyot bortida jami 166 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Barcha yo‘lovchilar havo kemasidan tushirilgan, ular va ekipaj a’zolari orasida jarohat olganlar yo‘q. Hodisa aynan samolyot to‘xtash joyiga qarab harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan.
«JCh – 2026» chiptalariga bo‘lgan talab 500 milliondan oshdi

FIFA 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun chiptalarga bo‘lgan talab rekord darajaga yetganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hozirga qadar turnir o‘yinlariga 500 milliondan ortiq chipta so‘rovlari kelib tushgan. FIFA xabarida aytilishicha, mezbon davlatlar — AQSh, Meksika va Kanadadan tashqari eng ko‘p chipta so‘rovlari Germaniya, Angliya, Braziliya, Ispaniya, Portugaliya, Argentina va Kolumbiya muxlislari tomonidan yuborilgan.
Labubu ishlab chiqaruvchisi bolalar mehnatida ayblanmoqda

Xitoyning mashhur Labubu o‘yinchoqlarini ishlab chiqaradigan fabrikasida mehnat huquqlarining jiddiy buzilishlari aniqlandi. Bu haqda The Guardian gazetasi xabar berdi.
China Labor Watch inson huquqlari tashkiloti tomonidan Szyansi provinsiyasidagi Shunjia Toys fabrikasida o‘tkazilgan tergovlarga ko‘ra, 16 va 17 yoshli o‘smirlar fabrikada Xitoy qonunlarida belgilangan maxsus shartlar va cheklovlarsiz ishlaydi. Ular kattalar qatori bir xil ishlab chiqarish kvotalari bilan oddiy yig‘ish liniyalariga yuborilgan.
«Kalmar o‘yini» muallifi Netflix uchun yangi serial ustida ishlamoqda

«Kalmar o‘yini» seriali muallifi Hvan Don-hyok studiyasi Netflix uchun yangi dramatikloyiha tayyorlamoqda. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.
Yangi serial The Dealer («Diler») deb nomlanadi va u kazino hamda qimor olamidagi jinoyatlar haqida hikoya qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hvan Don-hyokning loyihadagi aniq roli hozircha rasman e’lon qilinmagan. Biroq u serialda asosan prodyuser sifatida ishtirok etishi kutilmoqda.
«Yangi bank» tugatilmoqda: litsenziya bekor qilindi, omonatlar qaytariladi

Markaziy bank Boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagani sabab qabul qilingan.
Xususan, bankning ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam talab darajasiga yetkazilmagan. Amaldagi talablarga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘m bo‘lishi lozim edi. Biroq 2026-yil 1-yanvar holatiga «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Markaziy bank tomonidan bir necha bor yozma ogohlantirishlar berilganiga qaramay, bu borada yetarli choralar ko‘rilmagan.
O‘zbekistonning 6 ta viloyatida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

2026-yil 16 – 19-yanvar kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi mavjud. Bu haqda «O‘zgidromet» ogohlantirdi.
Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida, Samarqand viloyatining Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida, Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin tumanlarida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari) hamda Namangan viloyati Pop tumanida qor ko‘chishi mumkin.
U-23 Osiyo kubogi: O‘zbekiston chorak finalda Xitoy bilan o‘ynaydi

Saudiya Arabistonida o‘tayotgan U-23 Osiyo kubogining guruh bosqichi yakunlanib, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi chorak finalda Xitoy vakillariga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uchrashuv 17-yanvar kuni Jidda shahridagi King Abdullah Sports City stadionida bo‘lib o‘tadi. Mazkur bahs g‘olibi 20-yanvar kuni yarim finalda Vyetnam va BAA juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
AQShdan boshqa davlat Grenlandiyani nazorat qilishi mumkin emas — Tramp

Donald Tramp AQShdan boshqa davlatning Grenlandiyani nazorat qilishini qabul qilib bo‘lmas deb atadi va hududni milliy xavfsizlik hamda NATO strategiyasi nuqtai nazaridan muhim ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Grenlandiya AQSh qo‘lida bo‘lsa, NATO kuchli va samarali bo‘ladi. Prezidentning fikricha, hududni qo‘lga kiritish Pentagon tomonidan ishlab chiqilayotgan raketa mudofaa tizimi uchun ham zarurdir.