Elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bozorlarida yangi hamkorlar topishi kerak

eʼlon qilindi
Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishidan
Elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bozorlarida yangi hamkorlar topishi kerak
Elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bozorlarida yangi hamkorlar topishi kerak / Foto: prezident matbuot xizmati

Elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bozorlarida yangi hamkorlar topishi kerak. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

2025-yilda ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar doirasida umumiy qiymati $160 milliardlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Natijada tarixda ilk bor O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $80 milliarddan oshdi. Eksport hajmi $33,5 milliardga yetdi, xorijiy investitsiyalar esa $43 milliarddan oshib, keskin o‘sish qayd etildi.

Shuningdek, o‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb $4,5 milliardga ko‘paygani alohida ta’kidlandi. Bu natijalar elchilar va diplomatik vakolatxonalar faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekani, biroq imkoniyatlar bundan ham ko‘proq ekani qayd etildi.

Iroq O‘zbekiston uchun istiqbolli bozor

Xususan, o‘z ishlab chiqarishi yetarli bo‘lmagan va ichki bozorini to‘ldirish uchun yiliga $100 milliardlik mahsulot import qiladigan Iroq O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor sifatida ko‘rsatildi. Shu maqsadda Iroqdan 150 ta yirik kompaniya vakillarining O‘zbekistonga tashrifi ijobiy baholandi.

Ushbu kompaniyalar vakillari mamlakatdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, O‘zbekiston mahsulotlari sifati va imkoniyatlaridan hayratda qolganini bildirgan. Ular Iroqda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning rasmiy distribyutorlarini ochish va Yaqin Sharq bozorlariga faol kirib borishni rejalashtirmoqda. Natijada joriy yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Prezident tegishli davlatlardagi elchilar Vyetnam, Bahrayn va Portugaliya bilan ham xuddi shu yo‘nalishda faol ishlashi, hamkorlar topib, ushbu bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq natijalarga erishishi zarurligini ta’kidladi.

Yevropaga eksport oshdi, elchilar oldiga yangi vazifalar qo‘yildi

O‘tgan yili O‘zbekistonning Yevropa davlatlariga eksporti 23 foizga oshib, $2,3 milliardga yetdi. Bu ijobiy ko‘rsatkich bo‘lishiga qaramay, ayrim davlatlardagi elchilar Yevropa bozorlarida o‘zbek mahsulotlarini faol targ‘ib qilish va ularning nomini tanitish borasida yetarli natija ko‘rsata olmayotgani qayd etildi.

Xususan, Fransiya mamlakat kimyo sanoati uchun yangi va istiqbolli eksport yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Bu bozor Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida joylashgan kimyo korxonalari uchun katta imkoniyatlarga ega.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Fransiyadagi vakolatxonasiga aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, Fransiyada mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab va amaldagi standartlarni o‘rganib, ushbu ma’lumotlarni Farg‘ona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi kimyo korxonalariga yetkazish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mazkur korxonalar rahbarlari va mahsulotlari ishtirokida Fransiyada maxsus ko‘rgazmalar tashkil etish belgilandi.

Umuman olganda, Yevropaning qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlariga mineral o‘g‘itlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali O‘zbekiston kimyo mahsulotlarining Yevropa bozoridagi ulushini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek