Damas 3’ni ishlab chiqargan kompaniya yangi avtomobilni taqdim etdi

16-yanvar 2026 09:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Damas 3’ni ishlab chiqargan kompaniya yangi avtomobilni taqdim etdi
Foto: Autohome

Xitoyning Wuling brendi yangi Wuling Xingguang 560 krossoverini taqdim etdi. Bu haqda Autohome nashri xabar bermoqda.

Wuling Xingguang 560 uch xil kuch qurilmasi bilan taklif qilinadi. Benzinli versiya mexanik uzatma bilan 59,8 ming yuan ($8,6 ming), variatorli talqin esa 72,8 ming yuan ($10,4 ming) qilib belgilangan. Gibrid versiya 88,8 ming yuanga baholangan.

Foto: Autohome

Krossoverning o‘lchamlari 4745×1850×1755 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2810 mm bo‘lib, bu ko‘rsatkich Monjaro‘dan bir necha santimetrga kichik. Barcha versiyalar 18 dyuymli disklar bilan jihozlangan.

Old osma McPherson turida, orqa qismi ko‘p richagli. Salonida 12,8 dyuymli multimedia ekrani mavjud. Old o‘rindiqlar 180 daraja yotqiziladi. Orqa o‘rindiqlar 125 darajagacha bukiladi. Yashirin 32 litrli bo‘lim va 1945 litrgacha kengayadigan yukxona mavjud.

Foto: Autohome

Kuzovning 74,9 foizi yuqori mustahkam po‘latdan tayyorlangan. Asosiy konstruktiv qismlar issiq shtamplangan po‘latdan ishlab chiqarilgan.

1,5 litrlik benzin dvigateli 176 ot kuchiga ega. Gibrid talqinda 106 ot kuchli benzin dvigateli va 197 ot kuchli elektromotor ishlatiladi. Elektr rejimida yurish masofasi 125 km.ni tashkil etadi. Umumiy yurish zaxirasi 1100 km.ga yetadi. O‘rtacha yonilg‘i sarfi – 5,3 litr.

Elektromobil versiyasi 136 ot kuchli motor va 60 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Zaxira yo‘li 500 km.ni tashkil qiladi. 30 foizdan 80 foizgacha zaryadlash 20 daqiqa davom etadi.

Past narx, yirik o‘lcham va uch xil kuch qurilmasi kombinatsiyasi Wuling Xingguang 560’ni Xitoy bozoridagi eng raqobatbardosh krossoverlardan biriga aylantirishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi Damas SAIC-GM-Wuling (SGMW) qo‘shma korxonasi tarkibiga kiruvchi Xitoyning Wuling Motors kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan model platformasida yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilining narxi oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek