Janubiy Koreya sobiq prezidentiga 5 yil berildi

Janubiy Koreya sudi bugun 16-yanvar kuni sobiq prezident Yun Sok Yolni besh yilga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Bu haqda Yonhap nashri xabar berdi.
Seul markaziy tuman sudi Yunni 2024-yil dekabr oyida urush holatini e’lon qilgani bilan bog‘liq hibsga olish buyrug‘ini bajarishga to‘sqinlik qilganlikda aybdor deb topgan.
Shuningdek, sobiq prezident rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va urush holatini joriy etishda talab qilinadigan qonuniy protseduralarga rioya qilmaslik ayblari bilan ham aybdor deb topildi.
Bu hukm Yunning urush holatini e’lon qilishdagi muvaffaqiyatsiz harakatlariga oid jinoyat ishlaridagi ilk qaror hisoblanadi. Sud hukmi apellyatsiya qilish imkoniyatini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreya sobiq prezidentiga o‘lim jazosi so‘ralayotgani haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyada qariyb 30 yildan beri o‘lim jazosi ijro etilmagan. 1996-yilda sobiq harbiy diktator Chon Du Xvan 1979-yilgi harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni egallagani uchun o‘limga hukm qilingan, biroq keyinchalik uning jazosi umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirilgan edi.
Shuningdek, davlatning sobiq birinchi xonimi poraxo‘rlikda ayblangandi.
Sobiq prezidentining rafiqasi, sobiq birinchi xonim Kim Kon Xi poraxo‘rlik va moliyaviy firibgarlikda ayblanib sudga tortildi. Maxsus prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, u 2010 – 2012-yillarda aksiyalar manipulyatsiyasi orqali 810 mln von (taxminan $583 ming) noqonuniy foyda olgan, shuningdek, Birlashish cherkovi amaldoridan 80 mln vonlik qimmatbaho sovg‘alar — Chanel sumkalari va olmos marjon — qabul qilganlikda gumon qilinmoqda.