Dam olish kunlarida yomg‘ir, qor va harorat pasayishi kutilmoqda

Dam olish kunlari arafasida O‘zbekiston hududida ob-havo biroz beqaror bo‘ladi. «O‘zgidromet» shanba kuniga o‘tar kechasi respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilishini ma’lum qildi.
Bunda avval yomg‘ir yog‘ib, keyinchalik qorga aylanishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa yomg‘ir kechga tomon boshlanadi.
Shanba kuni kunduzi mamlakat bo‘yicha ob-havo nisbatan barqarorlashadi. Ayrim joylarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, ammo uning kuchi kamayadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
Yakshanba kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kechasi va ertalab Navoiy, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida hamda Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida biroz qor yog‘ishi mumkin.
Havo harorati shanba va yakshanba kunlari kunduzi 0–5 daraja iliq atrofida saqlanadi. Kechalari havo harorati 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha pasayadi. Ayrim joylarda tuman tushishi mumkin.
Shamol tezligi asosan 7–12 m/s bo‘ladi, 16-yanvar kuni ayrim hududlarda 13–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Qor ko‘chishi xavfi mavjud.
Toshkentda ob-havo
Toshkent shahrida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, kechqurun qorga aylanishi mumkin. Harorat 6–8 daraja iliq bo‘ladi. Shanba kuni kechasi va ertalab yomg‘ir va qor yog‘ishi, tuman tushishi mumkin. Kunduzi biroz qor yog‘adi, harorat 1–3 daraja iliq bo‘ladi. Yakshanba kuni kechasi va ertalab biroz qor yog‘adi, kunduzi esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kunduzi 3–5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 16 – 19-yanvar kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilingandi.