Taftish.uz faoliyati bo‘yicha yangi tergov tafsilotlari ochiqlandi — video

Bugun, 17-yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Taftish.uz nomi bilan faoliyat yuritgan media platforma atrofida shakllangan guruh faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mazkur loyiha ayrim shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositasi niqobi ostida noqonuniy daromad manbaiga aylantirilgan.
Tergov materiallarida qayd etilishicha, guruh a’zolari YouTube, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar, tadbirkorlar hamda tashkilotlar sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videomateriallar joylashtirgan. Ushbu videolar keyinchalik o‘chirilishi yoki tarqatilishi to‘xtatilishi evaziga pul talab qilish vositasi sifatida ishlatilgan.
Guruh yetakchisi: sudlanganliklar va jazo choralariga qaramay davom etgan faoliyat
Guruh yetakchisi sifatida 1988-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev tilga olinmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u:
- 2013-yilda Shofirkon tumani sudida JK 168-moddasi (firibgarlik) bilan;
- 2015-yilda Buxoro shahar sudida JK 168 va 211-moddalari bilan;
- 2015-yilda Samarqand viloyati sudida JK 167-moddasi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilib, keyinchalik amnistiya asosida ozod qilingan;
- 2016-yilda G‘ijduvon tumani sudida 9 yil 6 oy muddatga hukm qilinib, 2020-yilda muddatidan ilgari shartli ozod etilgan;
- 2024-yilda Peshku tumani sudida JK 168-moddasi 4-qismi bilan javobgarlikka tortilgan;
- 2025-yil 28-mayda Quvasoy shahar sudi hukmi bilan davlat organlari xodimlarini obro‘sizlantiruvchi materiallar tarqatgani uchun JK 139-moddasi asosida bloggerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilgan va 1 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Hozirda u probatsiya nazoratida bo‘lib, internet va telefon vositalaridan foydalanishi sud qarori bilan taqiqlangan. Shunga qaramay, tergovga ko‘ra, Aberayev ukasi nomiga ochilgan soxta profillar orqali guruh faoliyatini muvofiqlashtirib kelgan.
Videolar orqali bosim: aniq holatlar va hududlar
Tergov materiallarida ushbu sxema bir necha hududlarda qo‘llangani qayd etilgan. Jumladan:
- Toshkent shahri: Chilonzor buyum savdo kompleksi rahbariyatiga nisbatan bosim o‘tkazilgan;
- Namangan viloyati, Chust tumani: bir oila sha’ni kamsituvchi videolar tayyorlangan;
- Toshkent shahri: Parkent Development qurilish kompaniyasi haqida salbiy materiallar tarqatilgan;
- Samarqand viloyati: O‘zbegim uylari qurilish kompaniyasiga nisbatan tovlamachilik holatlari qayd etilgan;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumani: tadbirkorlar obro‘siga putur yetkazuvchi materiallar joylashtirilgan.
Mazkur videolarni olib tashlash evaziga pul mablag‘lari talab qilingani tergovda tasdiqlangan.
Nogironlik omilidan foydalanilganlik haqidagi da’volar
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolaridan biri – Dilshod Nishonov nogironligi bois jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish, rahm-shafqat uyg‘otish va davlat idoralariga bosim o‘tkazish maqsadida faol jalb qilingan. U ilgari MJtKning 461 va 2022-moddalari bilan shaxsiy hayot daxlsizligini buzish va yolg‘on axborot tarqatish uchun javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, davlat tomonidan ushbu shaxs va uning oilasiga 2020 – 2024 yillarda bir necha bor ijtimoiy yordam ko‘rsatilgani, jumladan, bepul uy-joy ajratilgani ham rasmiy manbalarda qayd etilgan.
Xavfsizlik bilan bog‘liq holatlar
Alohida epizod sifatida 2025-yil noyabr oyida Sirdaryo viloyatidagi gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan holat keltiriladi. Xavfsizlik qoidalarini buzgan shaxsga nisbatan chora ko‘rgan profilaktika inspektori ijtimoiy tarmoqlarda asossiz tanqid qilingan. Mas’ullar bunday holatlar yuqori yong‘in xavfi tufayli jamoat xavfsizligiga real tahdid solishini ta’kidlagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni muammolar yuzasidan shubhali blogerlar va vositachilar xizmatidan foydalanmaslikka, faqat mas’ul davlat organlari va litsenziyaga ega yuridik mutaxassislarga murojaat qilishga chaqirdi.
Mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Barcha holatlarga yakuniy huquqiy baho sud tomonidan beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IIV Taftish.uz ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot bergani haqida yozgandi.