Istanbul aeroportining sobiq rahbari Toshkentdagi yangi aeroport qurilishida ishtirok etadi

eʼlon qilindi
Berk Albayrak
Foto: Haber Aero

Istanbul xalqaro aeroportining sobiq bosh direktori Berk Albayrak Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport qurilishi loyihasida ishtirok etadi. Bu haqda o‘zining Linkedin’dagi ma’lumotlarida ma’lum qildi.

U loyiha doirasida konsorsiumning asosiy ishtirokchisi – Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi vakili sifatida faoliyat yuritadi.

Berk Albayrak 2026-yil yanvar oyidan boshlab «Yangi Toshkent» aeroporti qurilishi bo‘yicha loyiha ofisi (PMO) bosh menejeri lavozimini egallagan. Uning ish joyi sifatida Vision Invest kompaniyasi ko‘rsatilgan.

«Ushbu muhim loyihani amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shish va barcha manfaatdor tomonlar bilan birgalikda yuksak natijalarga erishishni intiqlik bilan kutyapman», – degan Berk Albayrak.

Haber.aero nashrining yozishicha, Berk Albayrak 1970-yilda Anqara shahrida tug‘ilgan. U 1993-yilda Yaqin Sharq texnika universiteti (METU)ni fuqaro muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan, 1995-yilda esa shu universitetda magistrlik darajasini olgan.

Mehnat faoliyatini xususiy sektorda boshlagan Albayrak keyinchalik Turkiya Transport vazirligi huzuridagi Davlat aeroportlari boshqarmasi (DHMI)da 10 yil faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng u Sabihi Go‘kchen aeroporti (ISG) loyihasiga qo‘shilib, 16 yil davomida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

2021-yilda Berk Albayrak Istanbul xalqaro aeroportining bosh direktori etib tayinlangan. 2025-yil boshida esa u Kuvaytda yangi aeroport qurilishi loyihasining loyiha direktori sifatida ham faoliyat olib borgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yangi Toshkent 2 million aholiga mo‘ljallangan yirik megapolisga aylanishi haqida yozgandi.

Shuningdek