«Qarshi neft bazasi» rahbari ishdan olindi

«Qarshi neft bazasi» direktori o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot kotibi Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh joriy o‘rganish ishlarini bugun «Qarshi neft bazasi»dan boshladi. Tekshiruvlar davomida bazaning faoliyati qoniqarsiz ekani aniqlangan.

Xususan, neft mahsulotlarini realizatsiya qilish tizimi samarali va shaffof yo‘lga qo‘yilmagan, korxona rahbariyati boshqaruv va ichki nazorat mexanizmlarini yetarli darajada ta’minlamagani sababli qator kamchiliklar yuzaga kelgan.
Aniqlangan kamchiliklar natijasida baza 2025-yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagan. Tahlillarga ko‘ra, korxonada xo‘jalik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilmagan va xarajatlar topilgan daromadlarga mutanosib ravishda optimallashtirilmagan.

Shuningdek, neft mahsulotlari zichligini noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanginov tizimning bir qator rahbarlarini, jumladan, Termiz, Jizzax, Maroqand va Kuchlik neft bazalari rahbarlarini lavozimidan ozod etgan edi.