
1965-yilgi Chevrolet Corvette Sting Ray kabriolet Florida shtatida o‘tkazilgan auksionda $88 mingga baholandi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.
1965-yilda ishlab chiqarilgan Corvette’lar standart holatda 5,4 litrli 327 Small Block dvigatel bilan taklif qilingan. U 250 ot kuchiga ega bo‘lgan. Asosiy uzatma uch pog‘onali mexanik edi. O‘sha yili jami 23 ming dona Corvette ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan 15,3 ming tasi kabrioletni tashkil etgan.

Mazkur nusxa L78 indeksli 6,5 litrli Big Block dvigatel bilan jihozlangan. Ushbu motor 425 ot kuchini ishlab chiqaradi. 1965-yil Corvette tarixida Big Block ilk bor taklif qilingan yil hisoblanadi. Shu sababli u kolleksionerlar orasida alohida qadrlanadi.
Tashqi dizaynda 1965-yilgi model bir qator yangiliklar bilan ajralib turgan. Kapot old qismidagi chuqurchalar olib tashlangan. Yon qanotlarda vertikal havo teshiklari paydo bo‘lgan. Old panjara qora rangda ishlangan.

Auksiondagi avtomobil Nassau Blue rangida bo‘yalgan. Oq rangli yumshoq tom va ko‘k rangli vinil salon bilan jihozlangan. Dvigatel zamonaviy qismlar bilan takomillashtirilgan. U Tremec besh pog‘onali mexanik uzatma bilan birga ishlaydi. Avtomobilda gidrokuchaytirgich, kuchaytirilgan tormozlar va konditsioner mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2003-yilgi Chevrolet Tracker 18 ming dollarga sotilgani haqida yozgan edi.