Honda yangi Civic Si modelini taqdim etdi

Honda kompaniyasi mexanik uzatmalar qutisi ishqibozlari uchun mo‘ljallangan 2026-yilgi Civic Si sedanini bozorga chiqardi. Bu haqda carbuzz xabar bermoqda.
Bugungi kunda aksariyat ishlab chiqaruvchilar mexanik uzatmalardan voz kechayotgan bir paytda, yapon brendi haydovchilik mahoratini qadrlaydiganlar uchun imkoniyatni saqlab qoldi. Yangi Civic Si modelining bazaviy narxi $31 ming etib belgilandi. Bu mashhur Honda Civic Type R modelidan deyarli $15 mingga arzonroqdir.



Avtomobil 1,5 litrli, to‘rt silindrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 200 ot kuchiga ega. Barcha quvvat oldingi g‘ildiraklarga 6 bosqichli mexanik uzatmalar qutisi orqali uzatiladi. Mashina soatiga 100 km tezlikka 6,8 soniyada erishadi. Garchi bu rekord daraja bo‘lmasa-da, muhandislar asosiy urg‘uni tezlikka emas, balki boshqaruv aniqligiga qaratgan.




Salon qismi zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Apple CarPlay va Android Auto tizimlari, isitiladigan o‘rindiqlar va xavfsizlik assistentlari standart to‘plamga kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honda kompaniyasi logotipini yangilagani haqida xabar bergan edi.