
Xiaomi prezidenti Lu Weibing yangi Redmi Turbo 5 Max smartfonining rasmiy suratlarini e’lon qildi. Qurilma Ocean Breeze rangida namoyish etildi.
Redmi Turbo 5 Max yuqori unumdor flagman sifatida taqdim etilmoqda. Smartfon yirik yumaloq burchaklar va juda ingichka romlar bilan ajralib turadi. Korpus metall ramkaga ega bo‘lib, CNC uskunasida ishlov berilgan. Orqa panel shisha tolali materialdan tayyorlangan.

Smartfon 9000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Redmi ma’lumotiga ko‘ra, Turbo 5 Max beshta avtonomlik testida 10 000 mA·soatli batareyaga ega modellar bilan teng natija ko‘rsatgan. Bu Xiaomi tarixidagi eng katta Jinshajiang batareyasi hisoblanadi. Uning energiya zichligi 894 Vt·soat/l bo‘lib, bu kompaniya uchun rekord ko‘rsatkich. Batareyadagi kremniy ulushi 16 foizni tashkil qiladi.
Qurilmada yangi Dimensity 9500s birkristalli tizimi ishlatiladi. Smartfon AnTuTu testida 3,29 mln ball to‘plagan. Shuningdek, u Geekbench bazasida 16 GB tezkor xotira va Android 16 operatsion tizimi bilan qayd etilgan.

Redmi Turbo 5 Max suv va changdan IP68/IP69 darajasida himoyalangan. Displey OLED bo‘lib, unga barmoq izi skaneri o‘rnatilgan.
Yangi smartfonning savdosi yanvar oxirigacha boshlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi K100 va K100 Pro Max qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.