Fond bozori: «Ipoteka-bank» aksiyalari bir haftada 82 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 9-yanvardan 16-yanvargacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,43 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 82,39 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Aloqabank» (+43,18%) va «O‘zsanoatqurilishbank»ning oddiy (+40,31%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «O‘zbekgeofizika» aksiyalari 2,93 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari,«UzAuto Motors» (-1,85%) aksiyalari va «O‘zsanoatqurilishbank»ning imtiyozli (-1,83%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Biznesni rivojlantirish banki»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 24 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz, to‘rttasi salbiy natija bilan yakunladi.
Bundan oldingi haftada «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da UCI fond indeksi 0,95 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zsanoatqurilishbank»ning oddiy aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 75,48 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank»ning ham imtiyozli (+17,37%), ham oddiy (+15,12%) aksiyalari o‘sish qayd etildi.