Xitoy dunyodagi birinchi 20 MVt quvvatga ega dengiz shamol turbinasini o‘rnatdi — video

eʼlon qilindi
U 44 mingta xonadonning yillik elektr ehtiyojini qoplay oladi
Foto: China Three Gorges Corporation

Xitoyning sharqidagi Futszyan provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi suvlarda noyob 20 megavattli dengiz shamol turbinasi muvaffaqiyatli o‘rnatildi. Bu haqda IFR Energy xabar berdi.

Bu global qayta tiklanadigan energiya sanoati uchun yana bir muhim bosqich bo‘lib, Xitoyning shamol energiyasi sohasidagi texnologik yetakchiligini namoyish etadi. Turbinaning barcha asosiy komponentlari mahalliy sharoitda ishlab chiqilgan.

Xitoyda loyihalashtirilgan va qurilgan dunyodagi birinchi 20 megavattli turbina o‘nta futbol maydoniga teng maydonni egallagan uchta 147 metr uzunlikdagi parraklarga ega. Turbinaning rotori dengiz sathidan 174 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, uni o‘rnatish 2000 tonnalik suzuvchi kran yordamida amalga oshirilgan.

Video: China Three Gorges Corporation

Turbina Futszyan provinsiyasi qirg‘og‘idan taxminan 30 kilometr uzoqlikda, 40 metrdan ortiq chuqurlikdagi suvlarda o‘rnatildi. Bunday katta inshootni bunday chuqurlikda o‘rnatish dengiz sharoitlarining noqulayligi va balandlikdagi ishlardan tortib, tayfun mavsumi yaqinlashib kelayotgani sababli juda qisqa vaqt oralig‘igacha bo‘lgan ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.

Elektr tarmog‘iga ulangandan so‘ng, bitta 20 megavattli turbina yiliga taxminan 80 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu hajm taxminan 44 mingta xonadonning yillik elektr ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Shu bilan birga, u har yili 24 ming tonna ko‘mir sarfini tejab, atmosferaga chiqadigan uglerod gazi miqdorini qariyb 64 ming tonnaga qisqartiradi.

Avvalroq «Kursiv» Xitoy Oy vaqtini aniq o‘lchash va uni Yer vaqtiga sinxronlashtirish uchun dunyodagi birinchi LTE440 (Lunar Time Ephemeris) dasturini ishlab chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek