
Yevropada Toyota RAV4’ning oltinchi avlodi savdoga chiqarildi. Speedme’ga ko‘ra, model Toyota brendidagi eng yirik va eng ko‘p sotiladigan SUV hisoblanadi.
Yangi avlodda dizayn, raqamli texnologiyalar va gibrid tizimlar sezilarli darajada yangilandi, ayniqsa PHEV (zaryadlanadigan gibrid) versiyasi to‘liq qayta ishlangan.
Yangi RAV4 2026 Hammerhead dizayn uslubida yaratilgan bo‘lib, avtomobil tashqi ko‘rinishda yanada keng, massiv va sport ko‘rinishga ega bo‘ldi. GR Sport to‘plami esa dizayndagi sport ruhini kuchaytiradi.

Salon to‘liq raqamlashtirilgan: 12,3 dyuymli elektron panel, 12,9 dyuymli markaziy ekran va proyeksion displey mavjud.

Avtomobil uzunligi 4,59 metr bo‘lib, saloni, ayniqsa orqa o‘rindiqlar qatori kengaygan. Texnik jihatdan, gibrid versiya yangilangan 2,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. Umumiy quvvati 183 ot kuchini tashkil etadi va 0 dan 100 km/soatgacha 8 soniyada tezlashadi. Old va to‘liq yetakchi variantlari mavjud.

Eng katta yangilik PHEV versiyasiga to‘g‘ri keladi. U endi old yoki to‘liq yetakchi tizim bilan taklif etiladi. Quvvati mos ravishda 268 va 304 ot kuchiga teng. 22,7 kVt/soatli yangi batareya bir zaryad bilan 100 km gacha faqat elektrda yurish imkonini beradi. Tezkor zaryadlash qo‘llab-quvvatlanib, 30 daqiqada batareyaning 80 foizi to‘ldiriladi.

Nashrga ko‘ra, yangilangan model uchun buyurtmalar allaqachon qabul qilinmoqda: gibrid versiya 43,5 ming yevrodan ($50,6 ming), PHEV esa 46,5 ming yevrodan ($54,1 ming) boshlanadi. Dastlabki yetkazib berishlar iyun oyiga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toyota Land Cruiser Prado 150 modelini qayta ishlab chiqarishga qaror qilgandi. Newscape nomli bu paket dastlab Japan Mobility Show ko‘rgazmasida konsept sifatida namoyish etilgan edi, ammo omma tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinishi natijasida u seriyali ishlab chiqarishga o‘tdi va 2026-yil 7-martdan Yaponiyada sotuvga chiqadi.