Trampning tahdidi ortidan oltin va kumush narxlari oshdi

Grenlandiya atrofidagi vaziyat tufayli xavfsiz aktivlarga talabning ortishi fonida 19-yanvar kuni oltin va kumush narxlari rekord qayd etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Savdogarlar AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyaga bo‘lgan da’volari bo‘yicha bosimining kuchayishi AQSh va Yevropa o‘rtasida yirik savdo urushini keltirib chiqarishidan xavotirda. Oltinning spot narxi Toshkent vaqti bilan soat 12:30 da 1,6 foizga o‘sib, bir unsiya uchun 4670,47 dollarni, kumush esa 3,4 foizga o‘sib, bir unsiya uchun $93,17 ni tashkil etdi. Sessiya davomida oltin narxi rekord darajadagi unsiya uchun $4690,59 ga, kumush esa bir unsiya uchun $94,12 ga yetdi.
17-yanvar kuni kuni Tramp Daniya va Grenlandiyani qoʻllab-quvvatlovchi bir nechta Yevropa davlatlariga fevral oyidan boshlab 10 foizlik tariflarni joriy etishini eʼlon qildi. 2026-yil 1-iyundan boshlab ushbu mamlakatlar uchun tariflar 25 foizgacha ko‘tariladi va Oq uy rahbarining aytishicha, «Vashington Grenlandiyani toʻliq sotib olish boʻyicha kelishuvga erishilgunga qadar» amal qiladi.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlari AQSh tariflarining joriy etilishiga muvofiqlashtirilgan javob berishga tayyor. Financial Times yozishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari $93 milliardlik AQSh tovarlariga tariflar yoki Amerika kompaniyalariga bir qator cheklovlar qo‘yishni ko‘rib chiqmoqda.
Ushbu xavotirlar fonida AQSh fond fyucherslari va dollar kursi pasayib, investorlar oltin, iyena va shveysariya frankiga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. OCBC strategi Kristofer Vongning urg‘ulashicha, kumush narxi taqchillik va barqaror sanoat talabi tufayli o‘smoqda. Uning qayd etishicha, oltin-kumush nisbati 2025-yil oxiridagi 105 ko‘rsatkichidan 50 gacha pasaygan, bu esa kumushning oltindan ko‘ra jadalroq o‘sayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, boshqa qimmatbaho metallar, jumladan, platina spot narxi 0,6 foizga oshib, unsiya uchun $2 341,08 ni tashkil etmoqda. Palladiy esa 0,1 foizga qimmatlab, $1 801,87 ga yetdi.
Avvalroq «Kursiv» kumush narxlari AQShning asosiy minerallarga import bojlarini joriy qilmaslik to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng investorlar foyda ko‘rishlari ortidan pasaygani haqida yozgandi.