O‘zbekistonga loukoster aviakompaniyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Yanvar oyining oxirigacha Turizm qo‘mitasiga festival sanalarini belgilash vazifasi yuklatildi
Foto: Myskillsconnect

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va aviachipta narxlarini arzonlashtirish maqsadida loukoster aviakompaniyalarni jalb etish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda 17-yanvar kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev elchilar va tadbirkorlar ishtirokidagi ochiq muloqotda ma’lum qildi.

Uchrashuvda turizm sohasi vakillari tarixiy obidalarga kirish chiptalari qimmatligi sabab sayyohlar ayrim obyektlarni tomosha qilmasdan ketayotganini bildirdi. Qayd etilishicha, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivadagi 12 – 14 ta tarixiy maskanni ko‘rish uchun sayyohlar $130 – $150 sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, turistik xizmatlarga 12 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘llanilishi ham xarajatlarni oshirmoqda.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mehmonxonalarda yashash narxi ham yuqori ekanini, bir kecha uchun $150 – $200 to‘lanayotganini ta’kidladi. Tadbirkorlar, shuningdek, turfirmalar uchun mavsumiy va mavsumdan tashqari davrlarda aviachipta narxlariga chegirmalar joriy etishni taklif qildi.

Jamshid Xo‘jayev kirish chiptalari narxlarini pasaytirish zarurligini bildirib, aviachipta narxlari, QQSni qaytarish va loukosterlarni jalb etish masalalari hukumat komissiyasi doirasida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, turistik safar muddatini uzaytirish uchun mehmonxonalar va ko‘ngilochar infratuzilmani rivojlantirish muhim.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonga yaqin davlatlardan sayyohlarni faol jalb etish, festival va madaniy tadbirlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yanvar oyining oxirigacha Turizm qo‘mitasiga festival sanalarini belgilash vazifasi yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Etihad Airways dunyoning eng xavfsiz aviakompaniyasi deb topilgani haqida yozgandi.

Shuningdek