Chevrolet Cobalt Qozog‘istonda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘ldi

19-yanvar 2026 21:56 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Kolesa.kz

Qozog‘iston avtomobil bozori 2025-yilni tarixiy natija bilan yakunladi. Yil davomida avtomobil savdosi 14,4 foizga oshib, jami 234,8 ming dona avtomobil sotildi. Bu haqda Kursiv Media nashri xabar berdi.

Qozog‘iston avtomobil ittifoqi ma’lumotiga ko‘ra, yilning mutlaq yetakchisi Chevrolet Cobalt bo‘lib, u mamlakatda eng ko‘p xarid qilingan yengil avtomobilga aylandi va mashhur Xitoyga tegishli krossoverlarni ortda qoldirdi.

31,8 ming dona sotuv natijasi bilan xalq avtomobili sifatida tanilgan Chevrolet Cobalt Hyundai Tucson (20,7 ming dona) va Kia Sportage (qariyb 11 ming dona) modellaridan ancha oldinga chiqdi. Mutaxassislar Cobalt’ning muvaffaqiyatini uning nisbatan arzonligi hamda xaridorlar uchun qulay moliyaviy takliflar bilan izohlamoqda.

2025-yilda Qozog‘istonda ikki yangi avtomobil zavodi ishga tushirilgani mahalliy ishlab chiqarish ulushini keskin oshirdi. Xususan, dekabr oyida sotilgan har 10 avtomobilning 8 tasi mamlakat ichida yig‘ilgan. Eng e’tiborlisi, yil yakunida eng ommabop 10 ta modelning barchasi Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan avtomobillardan iborat bo‘ldi.

Brendlar kesimida yetakchilikni Hyundai saqlab qolgan bo‘lsa-da, Chevrolet unga jiddiy yaqinlashdi. Chevrolet savdosi yil davomida 25,7 foizga oshib, bozor ulushi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni mustahkamladi. Umuman olganda, bozorning katta qismi bir nechta yirik brendlar qo‘lida jamlangan.

Xitoy brendlari ham Qozog‘iston bozoridagi pozitsiyasini saqlab qoldi. Ularning umumiy ulushi 39 foizni tashkil etdi. 2025-yilda bozorga kirib kelgan BYD qisqa vaqt ichida 3,2 ming dona avtomobil sotishga erishdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qozog‘istonlik blogger yangilangan Chevrolet Cobalt sinovdan o‘tkazgani haqida yozgandi.

Shuningdek