Sovuq ob-havo sabab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi

Havo haroratining keskin pasayishi sababli O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari — metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tabiiy gazga bo‘lgan talabning keskin oshishi ayrim hududlarda gaz quvurlarida bosim pasayishiga olib kelgan. Shu sababli energiya resurslarini aholiga uzluksiz yetkazib berish maqsadida energetika tizimi 24 soatlik kuchaytirilgan ish rejimida faoliyat yuritmoqda.
Hududlarda vaziyat doimiy nazoratga olingan bo‘lib, yuzaga kelayotgan nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda. Aholi xonadonlari, shuningdek tibbiyot va ta’lim muassasalarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Energetika vazirligi ta’kidlashicha, metan zapravkalar faoliyatiga joriy etilgan cheklovlar faqat sovuq kunlarda barqaror gaz ta’minotini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ob-havo va tizimdagi vaziyat barqarorlashishi bilan ular bekor qilinadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari hamda jamoat transporti uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda davom ettiriladi. Bu aholiga ko‘rsatilayotgan muhim xizmatlar uzluksizligini ta’minlash uchun zarur ekani qayd etildi.
Hududlardagi vaziyatga qarab qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishi bildirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri hafta davomida O‘zbekistonda ob-havo qanday bo‘lishi haqida yozgandi.