Germaniyada yuk mashinasi haydovchilari uchun 100 ta ish o‘rni taklif etilmoqda

Migratsiya agentligi Germaniyaning Askania Future GmbH rekrut kompaniyasi bilan hamkorlikda yuk mashinasi haydovchilarini ishga taklif etmoqda. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bo‘sh ish o‘rinlari soni – 100 ta. Nomzodlar ish beruvchi tomonidan onlayn suhbat asosida tanlab olinadi. Ish joyi Germaniyaning Muldestausee (Pouch) hududida joylashgan.
Haydovchilarga taklif etilayotgan oylik ish haqi soliqlardan keyin o‘rtacha $2,1 mingni tashkil qiladi. Ish vaqti haftasiga 5 kun, kuniga 8 soat.
Tanlovda 21 – 50 yosh oralig‘idagi, o‘rta maxsus ma’lumotga ega, CE toifasida kamida 1 yillik tajribasi bor erkaklar qatnashishi mumkin. Ish beruvchi tanlovidan o‘tgan nomzodlar nemis tilini o‘rganishga yo‘naltiriladi. Kod95 sertifikatiga ega tajribali haydovchilar uchun til bilish talabi qo‘yilmaydi.
Haydovchilarning asosiy vazifalari Germaniya va Yevropa Ittifoqi yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan holda yuk mashinasini boshqarish, yuklarni belgilangan marshrutlar bo‘yicha o‘z vaqtida yetkazib berish, transport vositasining texnik holatini tekshirish hamda yuk hujjatlarini rasmiylashtirishdan iborat.
Ish beruvchi tomonidan tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi va uning xarajatlari soliqlar hisobidan qoplanadi.
Nomzodlar zimmasidagi dastlabki xarajatlar ishchi viza, aviabilet, ovqatlanish va turarjoy ijarasi bilan bog‘liq bo‘lib, ishga joylashgan taqdirda Migratsiya agentligi ishchi viza va aviabilet xarajatlarini qoplab beradi.
Arizalar xorijdaish.uz platformasi orqali qabul qilinmoqda. Nemis tilini o‘rganish istagidagi nomzodlar uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham mavjud.
Qo‘shimcha ma’lumotlar 1282 qisqa raqami yoki 71 202-33-55 telefon orqali taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan migratsiya agentligi xorijda vafot etganlar uchun pul yig‘ish aksiyalariga ishonmaslikka chaqirgani haqida yozgandi.