O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2026-yilda 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda — Mastercard

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2026-yilda 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Mastercard iqtisodiyot instituti 2026-yilga mo‘ljallangan global makroiqtisodiy tendensiyalar bo‘yicha yillik hisobotini e’lon qildi.
Unda aytilishicha, geosiyosiy va savdo noaniqliklariga qaramay, jahon iqtisodiyoti texnologiyalar, sun’iy intellekt (SI)ga investitsiyalar va iste’molchilar moslashuvi hisobiga barqarorligini saqlab qolmoqda.
Hisobotga ko‘ra, 2026-yilda jahon real Yalpi ichki mahsuloti (YIM) o‘sishi 3,1 foizni tashkil etadi. Bu 2025-yildagi kutilayotgan 3,2 foizdan biroz past. AQSh iqtisodiyoti 2,2 foizga, Xitoy iqtisodiyoti esa 4,5 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, global inflyatsiya 3,4 foizgacha pasayishi kutilmoqda, bu esa moliyaviy sharoitlarni yumshatishga yordam beradi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish 2026-yilda o‘rtacha 4,5 foiz bo‘lishi taxmin qilinmoqda. O‘zbekistonda esa ichki talab yuqoriligi sababli eng yuqori o‘sish 6% atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
«2026-yil 2025-yilda faol muhokama qilingan qarorlar va siyosatlarning ta’siri yangi imkoniyatlar va tarkibiy qiyinchiliklar shaklida yanada aniqroq namoyon bo‘la boshlaydigan davr bo‘ladi. Jahon iqtisodiyoti barqarorlikni saqlab qolmoqda, ammo o‘sish yo‘nalishlari mamlakatlarning raqamli yetuklik darajasi, savdo aloqalari va investitsiya siyosatiga qarab farq qiladi», – deydi Mastercard bosh iqtisodchisi Mishel Meyer.
2026-yilning asosiy makroiqtisodiy tendensiyalari
Hisobotda 2026-yilning asosiy uchta tendensiyasi qayd etilgan. Birinchisi, xalqaro savdoning qayta shakllanishi. Savdo cheklovlari va ta’minot zanjirlarining bo‘linishi savdo oqimlarining rivojlanayotgan bozorlarga yo‘nalishiga olib kelmoqda. Shunga qaramay, AQSh va Xitoy global iqtisodiyotda yetakchi rolini saqlab qoladi.
Ikkinchi muhim yo‘nalish sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga investitsiyalar. AQShda IT va SI sohasiga sarmoyalar so‘nggi yillarda 20 foizdan ortiq oshgan. 2026-yilda sun’iy intellekt biznes va davlat boshqaruvida yanada keng qo‘llanilishi kutilmoqda. Markaziy Osiyoda esa xorijiy investitsiyalar uglevodorodlardan qayta tiklanuvchi energiya, logistika va raqamli texnologiyalarga o‘tmoqda.
Uchinchi tendensiya kichik va o‘rta biznesning transformatsiyasidir. Kichik bizneslar savdo to‘siqlari va tariflar bosimiga javoban raqamli vositalar, onlayn savdo va avtomatlashtirishga faol o‘tmoqda. Bu ularga raqobatbardoshlikni saqlash imkonini beradi.
Shuningdek, 2026-yilda iste’molchilar xarajatlarda ehtiyotkor bo‘lib, asosan texnologik va foydali mahsulotlarni tanlashi kutilmoqda. Shu bilan birga, sayohat va yangi taassurotlar beruvchi xizmatlarga talab saqlanib qoladi.
Mazkur hisobot biznes va davlat tashkilotlari uchun tez o‘zgarayotgan global iqtisodiyot sharoitida muhim yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi qayd etilgan.
BMTga ko‘ra, postsovet mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish 2025-yilda 2,2 foizdan 2026-yilda 2,1 foizgacha pasayadi. Hisobotda yozilishicha, postsovet iqtisodiyotlarining AQSh bozoriga cheklangan bog‘liqligi yuqori AQSh tariflarining ta’sirini sezilarli darajada kamaytiradi.