Asus smartfon ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatdi

eʼlon qilindi
Kompaniya asosiy e’tiborni sun’iy intellekt va robotlarga qaratadi
Foto: Tech Advisor

Asus kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Jonni Shi smartfonlar ishlab chiqarish to‘xtatilganini va strategiya butunlay o‘zgarganini rasman e’lon qildi. Tayvan texnologiya giganti endilikda mobil qurilmalar bozorini tark etib, o‘z salohiyatini istiqbolliroq sohalarga yo‘naltirmoqchi.

Kompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi yangi modeldagi telefonlarni taqdim qilishdan voz kechadi. Bo‘shagan muhandislik va moliyaviy resurslar korporativ sektor uchun kompyuterlar yaratishga hamda sun’iy intellekt qurilmalarini ishlab chiqishga safarbar etiladi. Xususan, brend kelajakda aqlli ko‘zoynaklar va robotlar ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Foto: Tek.no

Shunga qaramay, Asus o‘z mijozlarini yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Avval sotuvga chiqarilgan barcha gadjetlarni dasturiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va servis xizmati ko‘rsatish davom etadi. 2025-yilda taqdim qilingan Zenfone 12 Ultra va ROG Phone 9 FE modellari brend tarixidagi so‘nggi smartfonlar bo‘lib qoladi.

Foto: VIVA Cianjur

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Asus Ascent GX10 mini kompyuterini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek