O‘zbekistonda «Aqlli» migratsiya shoxobchalari joriy etiladi

Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istondagi har bir tuman yoki shaharda migratsiya va personalizatsiya bo‘linmalarida SI asosida «Aqlli» migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Dastlabki bosqichda «Aqlli» shoxobchalarda belgilangan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, so‘ngra Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-maydan Migratsiya va personalizatsiya departamenti va uning hududiy boshqarmalari O‘zbekistonga elektron viza orqali kelgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarini bir martalik 30 kungacha uzaytirish huquqiga ega bo‘ladi.
Xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati ham departament va hududiy boshqarmalarga berildi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentabrdan talabalar uchun yotoqxona bilan shartnoma tuzish va ularning turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi kompozit tartibda joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yildan Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.