Made in Central Asia brendi O‘zbekiston iqtisodiyotiga nima beradi

2025-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon savdo va investitsiya vazirlarining birinchi uchrashuvi ishtirokchilari yagona Made in Central Asia (Markaziy Osiyoda ishlab chiqarilgan) brendini yaratish va o‘zaro savdoni $20 milliardga yetkazishni muhokama qildi. Vazirlar tomonidan allaqachon bir nechta g‘oyalar bildirilgan. Kursiv Uzbekistan mintaqa global bozorga nimani taklif qilishi mumkinligi, bu brendning O‘zbekiston uchun foydali tomonlari va zararlari haqida to‘xtaladi.
Ushbu maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:
- Qanday takliflar berildi;
- Brend orqali mintaqa xalqaro bozorga nimalar berishi mumkin;
- O‘tlar, dorivor o‘simliklar va ziravorlar;
- Tabiiy mahsulotlar;
- Mutaxassislar qanday fikrda;
- U Made in China singari ommalashadimi;
- O‘zbekiston bu brend ichida qanchalik faol rol o‘ynaydi;
Qanday takliflar berildi
O‘zbekiston 2026-yilda Samarqandda Markaziy Osiyo–Ozarbayjon investitsiya forumini o‘tkazishni taklif qildi, bu Made in Central Asia mintaqaviy brendini taqdim etish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi urg‘ulangan. O‘zbekiston investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, yagona brend xorijiy bozorlarda mahsulot tan olinishini oshiradi.

Qozogʻiston tomoni esa umumiy brendni ishga tushirishni qo‘llab-quvvatladi va buni raqamli platformalardan boshlashni taklif qildi. Shu munosabat bilan Tojikiston iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqi Zavqizoda sun’iy intellekt yechimlariga ixtisoslashgan va allaqachon O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi 15 ta mamlakatda faoliyat yuritayotgan Tojikistonning Zypl.ai startapi haqida gapirdi.
Yana bir misol sifatida Tojikiston tomoni O‘zbekiston va Tojikistonda muvaffaqiyatli rivojlanayotgan va tezda mintaqadagi raqamli to‘lovlar va moliyaviy xizmatlar bozorida yetakchilardan biriga aylangan Alif fintech kompaniyasini keltirdi.

Qolgan takliflar elektron platformalar, transport infratuzilmasi va boshqalarga tegishli edi. Ammo tasavvur qilaylik, Made in Central Asia brendi yana nimani o‘z ichiga olishi mumkin?
Brend orqali mintaqa xalqaro bozorga nimalar berishi mumkin
Bu borada gastronomik turizmni unutmaslik kerak. 2016-yilda o‘zbek va tojik palovi UNESCO’ning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi va bu ularni milliy madaniyatning muhim qismi sifatida eʼtirof etdi.

Sayyohlarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan boshqa taomlar qatoriga mashhur uyg‘ur taomi lag‘mon, sambusa (somsa), Qozog‘iston va Qirg‘iziston milliy taomi bo‘lmish beshbarmak, go‘shtli sho‘rva va boshqalar kiradi. Mintaqa bo‘ylab yoki har bir mamlakat uchun alohida-alohida keng qamrovli oshpazlik turlarini misol keltirish mumkin. Bu ro‘yxat ancha katta.

O‘tlar, dorivor o‘simliklar va ziravorlar
Markaziy Osiyoning tog‘li iqlimi, quyoshli ob-havosi va kimyoviy moddalarning deyarli yo‘qligi mahalliy o‘simliklarni efir moylariga boy qiladi. O‘zbekiston zira, kashnich va rayhon bilan, Qozogʻiston kashnich, Qirgʻiziston yovvoyi kekik bilan, Tojikiston zira, issop va zirk bilan, Turkmaniston esa zira va rayhon bilan mashhur.

Jahon farmatsevtikasida keng qo‘llaniladigan qizilmiya va mintaqada yetishadigan noyob o‘simlik hamda asafetida ziravorlarining manbai bo‘lgan ferula muhim rol o‘ynaydi. Qozog‘iston har yili taxminan 4 ming tonna, Qirg‘iziston 10 ming tonnagacha, Tojikiston esa 7 ming tonnagacha yovvoyi qizilmiya hosil qiladi.
Bitta brend ostida mintaqa eng taniqli o‘simliklar — zira, kashnich, zirk (qoraqand), yalpiz, rayhon, issop, kekik, oregano va boshqalarni targ‘ib qilish mumkin. Bu o‘simliklarni tashish oson, katta summaga pullasa bo‘ladi va pishirishda, tibbiyot va kosmetika sohasida talab katta. Yovvoyi o‘simliklar, ayniqsa, ekologik sofligi va yorqin ta’mi uchun qadrlanadi.

Bular Yevropa va Osiyoning farmatsevtika sanoati uchun ekologik yovvoyi o‘tlar (ekologik toza xomashyo) sifatida targ‘ib qilinishi mumkin va Markaziy Osiyo o‘simliklari va ziravorlarining yagona liniyasi mintaqaga yuqori sifatli sharqona ziravorlar ishlab chiqaruvchisi sifatida global bozorga kirishga va Markaziy Osiyoning umumiy brendini mustahkamlashga yordam beradi.
Tabiiy mahsulotlar
Bunday mahsulotlar Markaziy Osiyoning eng taniqli jihatlaridan biri bo‘lib, u yerda iliq iqlim va unumdor bog‘lar uzoq vaqtdan beri mevalar — mayiz, quritilgan o‘rik, quritilgan olxo‘ri, quritilgan olma va nok, tut, bodom, yong‘oq va pista yetishtirish hamda quritishning boy madaniyatini shakllantirgan.
O‘zbekiston mahsulot hajmi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda, Tojikiston eksportni kengaytirmoqda va 20 dan ortiq mamlakatga mahsulot yetkazib bermoqda, Qirg‘iziston Germaniya va Yaponiya bozorlari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda, Turkmaniston o‘zining mayizlari bilan mashhur va Qozog‘iston eng yirik isteʼmolchi va qayta ishlovchi davlat bo‘lib qolmoqda.

Quritilgan mevalar va yong‘oqlarni tashish oson, uzoq muddat saqlasa bo‘ladi va mintaqadagi deyarli barcha mamlakatlarda ishlab chiqariladi, bu ularni bitta brend uchun ideal qiladi.
Mutaxassislar qanday fikrda
Kursiv Uzbekistan jurnalistiga gapirgan iqtisodchi Kamoliddin Shodmonqulov bu brend ayni damda faqatgina marketing va siyosiy-iqtisodiy tashabbus ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, real iqtisodiy platformaga aylanishi uchun yagona standartlar, sertifikatlash va institutsional mexanizmlar yetarli emas.
U shuningdek, oddiy o‘zbek tadbirkori bu brend uchun o‘zidagi tovarda barqaror sifatga ega bo‘lishi hamda logistika va qadoqlash talablarini a’lo darajada yo‘lga qo‘yishi kerakligini urg‘ulaydi. Iqtisodchi agar sifat yaxshi bo‘lmasa bitta brend ostida butun ishtirokchi davlatlar obro‘yiga putur yetishi mumkin, deydi.
Vestminster xalqaro universitetining Amaliy tadqiqotlar markazi direktori Bekzod Zakirov esa Made in Central Asia hozircha iste’molchida eng avvalo qadimiy mintaqaga aloqadorligi bilan qiziqish uyg‘otishi mumkinligini ta’kidlaydi.

«Bu brend tagidagi maqsad — mahsulotlar tabiiy, ekologik toza degan ma’noni bildirishi kerak», — deydi u.
U Made in China singari ommalashadimi
Zakirovga ko‘ra, gastronomiya, hunarmandchilik va turizm kabi yo‘nalishlarni bir «soyabon brend» ostida ko‘rsatish mumkin. Ammo, bu brend hozircha shunchaki g‘oya: u jahon bozorida qay darajada raqobatbardosh bo‘lishini aytish juda qiyin. Lekin, bu brend Made in China bilan narx va ishlab chiqarish ko‘lami borasida to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatlashishi juda qiyin. Xitoyning kuchi narx va ko‘lamdan tashqari ta’minot zanjiri tezligi bilan ham ajralib turadi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida sifat, standart va narx farqi katta — bu qanday hal qilinishi mumkin?
Bekzod Zakirov bu muammo «logo» bilan emas, ba’zi islohotlar orqali hal qilinishi mumkinligini aytadi.
«Uchrashuvda ham aynan shunga yaqin masalalar tilga olingan: bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, raqamli hujjat aylanishi, sertifikat hujjatlarini o‘zaro tan olish, “yagona darcha» va hatto ishlab chiqaruvchilar uchun yagona elektron katalog hamda platformalarni integratsiya qilish. Menimcha, eng realist yo‘l: brendni birdan hamma sohalarga yoymasdan, 2–3 ta pilot kategoriyada (masalan, to‘qimachilik yoki hunarmandchilik) umumiy minimal standart va brend qoidalarini joriy qilish mumkin. Aks holda sifati past mahsulotlar jahon bozorida ishonchni yo‘qotishga olib keladi”, — deydi u.

O‘zbekiston bu brend ichida qanchalik faol rol o‘ynaydi
Tahlilchi hozirda bu yo‘nalishda O‘zbekiston tashabbuskor ekanini ta’kidlab, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun bu foyda keltirishini bildirdi. Uning aytishicha, chunki agar yuqoridagi aytilgan sertifikat va standartlar ishlasa, xaridor topish osonlashadi, vositachiga qaramlik kamayadi va mintaqaviy hamkorlik kuchayadi. Ammo, bu tizimni joriy qilish uchun ancha yillar kerak bo‘ladi.
«Bunday brend mavjud bo‘lmagan holatda ham mintaqaviy savdo oldida ko‘plab muammolar mavjud. Ya’ni, bu tizim aslida PR uchun emas, savdo oldidagi to‘siqlarni yechish uchun amaliy yechim bo‘lishi lozim», — deydi u.
Avvalroq Bokuda Made in Uzbekistan shourumi ochilgani haqida yozgan edik.