Norvegiya fuqarolarni mulk musodarasidan ogohlantirdi

eʼlon qilindi
Mamlakat Ikkinchi jahon urushidan beri eng jiddiy xavfsizlik inqirozini boshdan kechirmoqda
Foto: Sophiabistro.com

Norvegiya Mudofaa vazirligi minglab fuqarolarga rasmiy ogohlantirish xatlarini yuborishni boshladi. Maktubda harbiy holat yuzaga kelgan taqdirda, shaxsiy uylar, avtomobillar, qayiqlar va boshqa mulklar armiya ehtiyojlari uchun rekvizitsiya qilinishi mumkinligi eslatilgan.

«N-tv» telekanalining xabar berishicha, ushbu ogohlantirish xatlarini 13,5 ming nafar norvegiyalik qabul qilib olgan. Norvegiya armiyasi logistika tashkiloti rahbari Anders Yernbergning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda inqiroz va urushlarga tayyorgarlik ko‘rish masalasi o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

«Norvegiya Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng jiddiy xavfsizlik inqirozini boshdan kechirmoqda. Jamiyat yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday chaqiriqlarga tayyor turishi shart», – deydi Yernberg.

Bunday mazmundagi xatlarni yuborish amaliyoti 1951-yilda qabul qilingan qonunga asoslangan bo‘lib, har yili amalga oshiriladi. Mudofaa vazirligi oluvchilar ro‘yxatini harbiylar tomonidan tuzilgan mamlakat resurslari bazasiga tayangan holda shakllantiradi.

Ta’kidlash joizki, ogohlantirish 5,5 mln aholiga ega Norvegiyaning faqat kichik qismiga – resurslari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shaxslarga yuborilgan. Vazirlikning aniqlik kiritishicha, tinchlik davrida ushbu xatlar fuqarolarga hech qanday majburiyat yuklamaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Grenlandiya masalasiga aralashgan 8 ta Yevropa davlati, jumladan, Norvegiyaga bojlarni oshirmoqchiligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek