Oltin narxi 4,7 ming dollardan oshdi: bozorlarda xavotir kuchaydi

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 20-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:05 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $4 715 mingni tashkil etdi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, bunga AQShning Grenlandiya bo‘yicha talablariga doir noaniqliklar va global siyosiy vaziyat sabab bo‘lib, investorlar xavfsiz aktivlarga murojaat qilmoqda.
Xabarga ko‘ra, spot oltin 0,4 foizga oshib, bir unsiya uchun $4 696 atrofida savdolandi. Fevral oyiga mo‘ljallangan oltin fyucherslari esa 0,5 foizga ko‘tarilib, $4 701 darajasiga yetdi. Savdo davomida oltin qisqa muddatga $4 701 dan ham yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Bozorlardagi bu holat AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa davlatlariga nisbatan Grenlandiya masalasida qilgan bayonotlari fonida yuzaga keldi. Siyosiy noaniqlik va AQSh tashqi siyosatidagi keskin ohang investorlarni xavfsiz aktivlar, xususan, oltinga sarmoya kiritishga undamoqda. Shu bilan birga, AQSh dollarining zaiflashuvi ham oltin narxining oshishiga yordam berdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, hozirgi sharoitda oltin uzoq davom etadigan mojaro emas, balki geosiyosiy beqarorlik va siyosiy taxmin qilib bo‘lmas holatlar sabab qo‘llab-quvvatlanmoqda. Investorlar riskli aktivlardan ko‘ra, qiymatini saqlab qoluvchi metallarga ustuvorlik bermoqda.
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi qanday
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi 19-yanvar kuniga nisbatan biroz o‘sishni qayd etdi. Markaziy bank 20-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 10:32 holatiga oltin quymalarini sotish va sotib olish narxlarini e’lon qildi.
Xususan, 5 grammli oltin quymaning narxi 9,139 mln so‘mdan 9,244 mln so‘mga oshdi. Uni qaytarib sotib olish narxi esa qadog‘i but holatda 8,784 mln so‘mdan 8,885 mln so‘mga, talablarga mos kelmaydigan holatda 8,695 mln so‘mdan 8,795 mln so‘mga ko‘tarildi.
Quyida oltin quymalarining grammlariga nisbatan sotish va sotib olish narxlari keltirilgan:
| Og‘irligi | Sotish narxi | Qaytarib sotib olish (qadog‘i but) | Qaytarib sotib olish (qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos emas) |
|---|---|---|---|
| 5 gramm | 9 244 000 so‘m | 8 885 000 so‘m | 8 795 000 so‘m |
| 10 gramm | 18 488 000 so‘m | 17 770 000 so‘m | 17 590 000 so‘m |
| 20 gramm | 36 975 000 so‘m | 35 540 000 so‘m | 35 181 000 so‘m |
| 50 gramm | 92 439 000 so‘m | 88 849 000 so‘m | 87 951 000 so‘m |
| 100 gramm | 184 877 000 so‘m | 177 698 000 so‘m | 175 903 000 so‘m |
Shu bilan birga, Markaziy bank xalqaro qimmatbaho metallar bozori konyunkturasidan kelib chiqib, narxlar kun davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Valyuta birjasi rahbari Rashid Usmonov birjaning oltin fyucherslar bilan rejalari haqida ma’lumot bergandi. Uning aytishicha, bu yo‘nalishda qonunchilik va bozor tayyorgarligi muhim omil hisoblanadi. Fyuchers mexanizmlarini ishga tushirish uchun me’yoriy hujjatlar va infratuzilma to‘liq shakllanishi kerak.