Honor 6,1 mm qalinlikdagi Magic 8 Pro Air smartfonini taqdim qildi

Honor kompaniyasi o‘ta ingichka korpusga ega Magic 8 Pro Air flagmanini namoyish qildi. Qalinligi 6,1 mm bo‘lgan ushbu qurilma kuchli protsessor va yuqori sifatli kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, zamonaviy bozor talablariga javob beradi.

Smartfon 16 smli LTPO-OLED ekranga ega bo‘lib, yorqinligi 1800 nitgacha yetadi va tasvir yangilanishi 1 dan 120 Gs gacha o‘zgaradi. Qurilma 8 yadroli Dimensity 9500 chipseti hamda 5500 mAs sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan.

Shuningdek, u 80 Vt tezkor va 50 Vt simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Asosiy kamera 50 Mp aniqlikda bo‘lib, optik barqarorlashtirish tizimiga ega, periskop teleobyektiv esa 3,2 karra optik yaqinlashtirish imkonini beradi.

Magic 8 Pro Air o‘zining 6,1 mm qalinligi bilan ajralib tursa-da, bu borada iPhone Air (5,6 mm) va Galaxy S25 Edge (5,8 mm) modellaridan biroz qalinroq. Shunga qaramay, 155 gramm og‘irlikdagi korpus IP69 standarti bo‘yicha suv va changdan to‘liq himoyalangan.

Yangi modelning o‘ziga xos jihati uning Apple ekotizimi bilan integratsiyalashuvidir. Foydalanuvchilar fayllarni iPhone va Mac qurilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatishi hamda smartfon ish stolini Mac ekranida aks ettirishi mumkin. Smartfonning 12/256 GB xotiraga ega bazaviy versiyasi narxi 4999 yuan (9,3 mln so‘m)dan boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor Magic 8 RSR Porsche Design qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi haqida xabar bergan edi.