O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirishga doir qonun loyihasi Senatga yuborildi

Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirishga doir qonun loyihasi Senatga yuborildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 20-yanvar kungi majlisida «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha qaysi turdagi shaxsiy ma’lumotlar majburiy ravishda O‘zbekiston hududida saqlanishi kerakligini belgilaydi. Shu bilan birga, ayrim turdagi shaxsiy ma’lumotlarni xorijda qayta ishlash va saqlash shartlari ham aniqlashtirilmoqda. Bunda axborot xavfsizligi talablari, xalqaro standartlar va vakolatli organlar talablari inobatga olinadi.
Rasmiy izohga ko‘ra, mazkur o‘zgartirishlar xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishiga yo‘l ochadi. Bu investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli xizmatlar bozorini kengaytirish hamda aholi va sayyohlar uchun zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tashabbuskorlar tuzatishlar fintex sohasini rivojlantirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish va turizmni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mos kelishini ta’kidlamoqda. Ushbu jarayonlar zamonaviy to‘lov tizimlarini joriy etish va xalqaro fintex servislar bilan hamkorlikni talab etadi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi. Senatda ma’qullangach, hujjat prezident imzosiga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekistonda xalqaro mobil to‘lov tizimlari Apple Pay va Google Pay xizmatlarini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini ma’lum qilgandi.
Mirziyoyev Amerika kompaniyalari, investitsiya fondlari hamda moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekistonda zamonaviy raqamli to‘lov tizimlarini joriy etish, xususan, Apple Pay va Google Payni mahalliy bank infratuzilmasiga integratsiya qilish masalasini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda xalqaro onlayn to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilk bor 2024-yilda ilgari surilgan edi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasiga Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay va UniPay kabi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish, ularning xizmatlarini milliy to‘lov tizimlariga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berilgan.