Sun’iy intellekt joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Shri-Lanka va Suriyadan ortda qoldi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sun’iy intellekt (SI) joriy etish darajasi bo‘yicha 141-o‘rinni egalladi. Bu haqda Microsoftning Sun’iy intellekt iqtisodiyoti instituti hisobotida ma’lum qilindi. Taqqoslash uchun, Shri-Lanka 140-o‘rinda, Suriya esa 128-o‘rinda joylashgan.
Tadqiqotda operatsion tizimlar va qurilma turlaridagi farqlar hisobga olingan holda, ushbu texnologiyadan foydalanuvchilar ulushi ko‘rsatkichi asos qilib olingan. O‘tgan yil iyul oyi boshida O‘zbekistonda SI tarqalish darajasi 5,7 foiz deb baholangan bo‘lsa, yilning ikkinchi yarmida bu ko‘rsatkich 6,3 foizga yetgan.
Reytingda birinchi o‘rinni BAA egallagan, undan keyingi o‘rinlarni Singapur va Norvegiya band etgan. Bu davlatlarda SI joriy etish darajasi 45,3 foizdan 64 foizgacha yetgan. Eng past natijalar Tojikistonda qayd etilgan – 145-o‘rin, Turkmaniston va Kambodja esa mos ravishda 146 va 147-o‘rinlarni egallagan.
Microsoft hisobotida SI bo‘yicha trendlar ham yoritilgan. Xususan, 2025-yilning muhim voqealaridan biri ochiq va ommabop SI platformasi – DeepSeek’ning paydo bo‘lishi bo‘ldi. G‘arb platformalari kamroq tarqalgan bozorlarda ushbu xizmat tez ommalashdi.
Shu bilan birga, DeepSeek Amerika va Yevropa mamlakatlarida kamroq qo‘llanilgan, Osiyo va Afrika davlatlarida esa ommalashgan. O‘zbekistonda 2025-yilda DeepSeek ulushi 5 foizdan kam deb baholangan bo‘lsa, Rossiyada bu ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston pasporti Henley reytingida yuqorilagani haqida yozgan edik.