O‘zbekistonda infarkt va insultga qarshi milliy dastur bosqichma-bosqich joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda yurak-qon tomir va miya qon aylanishining o‘tkir buzilishlari bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish va davolash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, «Infarkt va insultga qarshi kurashish» milliy dasturi 2026-yil 1-maydan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktabrdan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2027-yildan esa respublikaning boshqa hududlarida joriy etiladi. Dastur Stent for Life va Action Plan for Stroke xalqaro tashabbuslari asosida ishlab chiqilgan.
Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida so‘rovnoma va skrininglar o‘tkazilib, xavf guruhiga mansub fuqarolar maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda oltin soat tamoyili joriy etilib, tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy telemetrik uskunalar bilan ta’minlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda multiorgan donorlik amaliyoti bir necha kishining hayotini saqlab qolgani haqida yozgandi.