2026–2030-yillarda qon bilan ishlash tizimini rivojlantirishga 1,75 trln so‘m yo‘naltiriladi

20-yanvar kuni prezidentga qilingan taqdimotda 2026–2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, qon va qon mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani inobatga olinib, xizmat imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga muvofiq, har ming aholiga to‘g‘ri keladigan qon topshirishlar sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, umumiy donatsiyalar sonini 1 milliontagacha yetkazish rejalashtirilgan. Natijada respublika bo‘yicha qon zaxirasi 150 ming litrdan 450 ming litrgacha oshiriladi.
Shuningdek, beg‘araz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafargacha yetkazish maqsad qilingan.
Qon mahsulotlari harakati «Qon mahsulotlari elektron hisobi» axborot tizimi orqali kuzatib boriladi. Ushbu tizim shoshilinch tibbiy yordam xizmatlari bilan integratsiyalashgan holda ishlaydi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda infarkt va insultga qarshi milliy dastur bosqichma-bosqich joriy etilishi haqida yozgandi.