
Hindistonda Skoda kompaniyasi Skoda Kushaq modelining 2026-yilgi yangilangan talqinini namoyish qildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Model ilk bor taqdim etilganiga besh yil bo‘lganini inobatga olsak, restayling kutilgan edi. Eng e’tiborga molik yangilik shundaki, Kushaq endi budjet SUVlar uchun noodatiy bo‘lgan funksiya – orqa o‘rindiqlar massaji bilan jihozlangan. Bunday opsiya odatda Mercedes-Benz S-Class kabi premium avtomobillarda uchraydi.

Yangilangan modelda panoramali tom yanada kattalashtirildi. Salon arxitekturasi asosan saqlanib qolgan, biroq yuqori komplektatsiyalar endi 10,25 dyuymli raqamli asboblar paneli va Google Gemini sun’iy intellekti qo‘llab-quvvatlanadigan 10,1 dyuymli multimedia tizimi bilan ta’minlandi. Avvalgi versiyada asboblar paneli 8 dyuymli edi.
Tashqi dizayndagi o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilgan. Old qismda faralar grafikasiga yangicha yechim berilgan, pastki yorug‘lik elementlari toraytirilgan va bamper qayta ishlangan. Radiator panjarasi shakli o‘zgartirilib, unga yoritiladigan dekorativ chiziq qo‘shilgan. Markaziy havo kirish qismi esa kattalashtirilgan va himoya qoplamasi bilan to‘ldirilgan.

Orqa qismda yangilangan fonarlar, yoritilgan Skoda logotipi va qayta ishlangan bamper paydo bo‘ldi. Shuningdek, sport ruhidagi Monte Carlo versiyasi ham taklif etilmoqda. U dizayn jihatidan Yevropadagi Kamiq modeliga o‘xshash uslubda bezatilgan.
Skoda Kushaq avvalgidek Hindiston bozori uchun moslashtirilgan MQB-A0-IN platformasida qurilgan. Ushbu platforma Slavia sedaniga ham umumiy hisoblanadi. Dvigatellar qatori o‘zgarmagan: 1.0 TSI — 113 ot kuchi, 1.5 TSI — 148 ot kuchi. Uzatma faqat old g‘ildiraklarga beriladi.
Asosiy texnik yangilik 1.0 TSI versiyasida 6 pog‘onali avtomat o‘rniga 8 pog‘onali gidrotransformatorli avtomat o‘rnatilganidir. 1.5 TSI dvigateli esa avvalgidek 7 pog‘onali DSG robotlashtirilgan uzatma bilan taklif etiladi. Endilikda barcha versiyalar old va orqa tomonda diskli tormozlar bilan jihozlanadi.

Yangilangan Skoda Kushaq’ning rasmiy narxlari hozircha e’lon qilinmagan. Biroq model amaldagi $11,7 mingdan $20,3 minggacha bo‘lgan narx oralig‘iga nisbatan biroz qimmatlashishi kutilmoqda. Hindiston bozorida Kushaq Volkswagen Taigun, Hyundai Creta, Kia Seltos, Suzuki Grand Vitara va Toyota Hyryder bilan raqobat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Skoda Group O‘zbekistonda temiryo‘l transportini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishi haqida yozgan edi.