
Mercedes-Benz kompaniyasining yangi Mercedes-Benz VLE global taqdimot arafasida namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Modelning rasmiy debyuti 10-mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Xitoyda ishlab chiqariladigan Mercedes-Benz VLE Fujian Mercedes-Benz zavodida yig‘iladi. Ushbu avtomobil brendning yangi VAN.EA elektr platformasida qurilgan ilk model bo‘ladi. Keyinchalik VLS nomli yana bir seriya ham taqdim etilishi kutilmoqda.

VLE 800 voltli elektr arxitekturaga ega bo‘lib, old yoki to‘liq uzatma variantlarida taklif etiladi. Salon sig‘imi 8 o‘rindig‘igacha yetadi. Model oilaviy va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan keng funksional interyer bilan jihozlanadi.
Dizayn jihatidan VLE Mercedes-Benz’ning so‘nggi uslubini olgan. Old qismida yopiq panjara, yoritiladigan kontur va uch nurlik yulduz shaklidagi faralar mavjud. Old chiroqlar orasini birlashtiruvchi yorug‘lik chizig‘i ham ko‘rinadi.
Yon tomondan qaralganda, avtomobilning old oynasi qiya joylashgan, tom qismi esa asta pastlashib boradi. Oyna chizig‘i hozirgi V-Class modeliga nisbatan balandroq joylashgan. Yashirin eshik tutqichlari, kichik orqa spoyler va vertikal orqa chiroqlar zamonaviy ko‘rinishni ta’minlaydi.

Xitoy avtomobil nashri Autohome ma’lumotiga ko‘ra, Mercedes-Benz VLE qattiq sinovlardan o‘tkazilgan. Jumladan, shamol tunnelidagi testlar, yuqori tezlik va ekstremal sharoitdagi sinovlar hamda uzoq masofali yurishlar amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mercedes-AMG S63 (W223) modelini sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.