Xovosda fermerlar yerlari ommaviy tortib olinayotgani yuzasidan izoh berildi

Xovosda fermer xo‘jaliklari yer maydonlari to‘liq olib qo‘yilishi mumkinligi haqidagi xabarlar jamoatchilikda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim fermerlar majburiy bosim bo‘layotganini aytmoqda. «O‘zagroinspeksiya» bu masala yuzasidan Kursiv Uzbekistan so‘roviga izoh berdi.
Fermerlar nima deydi?
Kursiv Uzbekistan bilan suhbatlashgan Xovos tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari vaziyat keskinlashganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30-dekabr kuni tuman fermerlariga viloyat hokimi tomonidan yer maydonlari to‘liq olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgani og‘zaki tarzda yetkazilgan.
Shundan so‘ng, fermerlarning aytishicha, har kuni turli idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar ularning uylariga kelishni boshlagan. Ular orasida viloyat prokuraturasi, ichki ishlar organlari, Majburiy ijro byurosi, soliq idoralari va boshqa tashkilotlar vakillari bo‘lgan.
Majburiy arizalar va tekshiruvlar?
Fermerning ta’kidlashicha, yer uchastkalaridan «ixtiyoriy voz kechish» haqida arizalar yozish talabi qo‘yilmoqda. Bunday arizalarni yozishdan bosh tortgan fermerlarga nisbatan «Agroinspeksiya» orqali tekshiruvlar boshlangan, deb aytdi fermer. Kursiv Uzbekistan tahririyati ushbu holat yuzasidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Jamoatchilik reaksiyasi
Mazkur holat haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqaldi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov bu borada bildirgan fikrida vaziyat jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg‘otayotganini qayd etdi.
Uning yozishicha, bunday holatlar O‘zbekistonda «ikkinchi kollektivlashtirish» yuz berishi mumkinligi haqidagi qo‘rquvlarni kuchaytiradi. Iqtisodchi Sovet davrida amalga oshirilgan kollektivlashtirish siyosati qishloq xo‘jaligini izdan chiqargani va millionlab insonlar hayotiga zomin bo‘lganini eslatgan.
Rasmiy idoralarning pozitsiyasi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini olib qo‘yish yuzasidan «O‘zagroinspeksiya» tomonidan hech qanday qaror qabul qilinmagan.
«Sirdaryo viloyati Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini olib qo‘yish yuzasidan “O‘zagroinspeksiya» tomonidan hech qanday qaror qabul qilinmagan”, – deyiladi izohda.
Shuningdek, fermerlarni yer maydonlaridan voz kechishga majburlash hamda ularning shaxsiy mulklarini xatlovdan o‘tkazish «O‘zagroinspeksiya» vakolatiga kirmasligi qayd etildi.
Kursiv Uzbekistan vaziyat rivojini kuzatishda davom etadi.