Endi SIda birovning ma’lumotlariga noqonuniy ishlov berganlar javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonda endi sun’iy intellekt yordamida shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu bo‘yicha 21-yanvar kuni ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ya’ni, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash hamda ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, sun’iy intellekt – insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish, mustaqil o‘rganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui. Insonning huquqi va erkinligiga aloqador bo‘lgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov bergan, ularni OAVlar, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatganlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq «Kursiv» sun’iy intellekt joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Shri-Lanka va Suriyadan ortda qolgani haqida yozgandi.